Oʻzbekistonda qanday hollarda xodimga ishdan boʻshatish nafaqasi beriladi?

Saqlash
21:07 / 15.08.2023 1364 0

Oʻzbekistonda qanday hollarda xodimga ishdan boʻshatish nafaqasi berilishi yuzasidan maʼlumot berildi.

 

Davlat mehnat huquq inspektori Madamin Madaminov mazkur savolga javob berdi. Unga koʻra, Mehnat kodeksining 173-moddasiga muvofiq, mehnat shartnomasi bekor qilinganda quyidagi hollarda ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanadi:

 

ish beruvchining tashabbusiga koʻra, bundan shartnoma xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslar boʻyicha bekor qilingani mustasno;

 

taraflarning xohish-irodasiga bogʻliq boʻlmagan quyidagi holatlarda:

 

1. Xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilganda;

 

2. Shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning avvalgi ishga tiklanganda (masalan, xodim noqonuniy ishdan boʻshatilsa, sud uni qayta tiklasa);

 

3. Tashkilotni tugatish yoki ish beruvchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkor
faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganda;

 

4. Qonunchilik palatasi deputatining, shuningdek Senatda doimiy asosda ishlagan Senat aʼzosining vakolatlari muddati tugagani yoki Qonunchilik palatasi va Senat tarqatib yuborilgani munosabati bilan avvalgi lavozimiga (ishiga) qaytganda;

 

1-4 bandlarida jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchi muomalaga layoqatsiz deb, eʼtirof etilgan hollar mustasno.

 

ishga qabul qilishga doir belgilangan qoidalarning buzilgani, agar yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlikni bartaraf etish imkoni boʻlmasa va u ishni davom ettirishga
toʻsqinlik qilsa;

 

qonunchilikka muvofiq mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelgani (xodimning belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga toʻliq qobiliyatsiz deb eʼtirof
etilgani, shuningdek davlat sirlaridan foydalanish huquqi bekor qilingani, agar bajarilayotgan ish shunday foydalanish huquqini talab qilsa, muayyan ishni bajarishga doir ruxsatnomadan yoki litsenziyadan mahrum etilgani va boshqalar).

 

Ushbu holatlardan ishga qabul qilishning belgilangan qoidalari xodimning aybi bilan buzilgan (sudning muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi hukmini yashirish, soxta hujjatlar taqdim etish va boshqalar) yoki xodimning harakatlari qonunchilikka muvofiq yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga toʻsqinlik qiladigan holatlarning yuzaga kelishiga olib kelgan hollar mustasno.

Shuningdek:

 

xodim yangi mehnat shartlarida ishni davom ettirishni rad etgani munosabati bilan;

 

xodim tibbiy xulosaga muvofiq sogʻligʻining holatiga koʻra oʻziga qarshi koʻrsatma boʻlmagan boshqa ishga oʻtkazishni rad etgani yoxud ish beruvchida
tegishli ish boʻlmagani munosabati bilan;

 

xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joydagi ishga koʻchishni rad etgani munosabati bilan;

 

xodim tashkilotning mulkdori almashgani, uning qayta tashkil etilgani, idoraviy taalluqliligi (boʻysunuvi) oʻzgargani munosabati bilan ishni davom ettirishni rad etgani munosabati bilan.

 

Ishdan boʻshatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bogʻliq boʻladi va u:

 

uch yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan;

 

uch yildan besh yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan;

 

besh yildan oʻn yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining yuz foizidan;

 

oʻn yildan oʻn besh yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining bir yuz ellik foizidan;

 

oʻn besh yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining ikki yuz foizidan kam boʻlishi mumkin emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//