Poytaxt IIBBda 33 yoshli fuqaro vafot etdi. Voqea tafsilotlari maʼlum qilindi

Saqlash
19:39 / 14.08.2023 1285 0

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida 33 yoshli fuqaro vafot etdi. Poytaxt IIBB holat boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi.

 

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan Toshkent shahri hududida oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarni sodir etgan uyushgan jinoiy guruhning jinoiy faoliyatini fosh etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (“Odam oʻgʻirlash”), 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Tovlamachilik”) va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Bezorilik”) bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida, tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 29-iyul kuni soat 22.00larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli koʻchasi “Birodarlar qabristoni” xiyoboni oldida 7-8 nafar shaxslardan iborat boʻlgan jinoiy guruh 1986-yilda tugʻilgan fuqaro M.R.ni urib-doʻpposlab, soʻng avtoulovga majburlab oʻtkazib, nomaʼlum xonadonga olib borib, jabrlanuvchini erkiga zid ravishda ushlab turib, unga nisbatan kuch ishlatgan holda pul talab qilganlar. Shuningdek, jabrlanuvchiga tazyiq oʻtkazgan holda, Turkiya davlatida boʻlgan nomaʼlum shaxslardan goʻyoki 860 ming AQSH dollari miqdorda qarz olganligi haqida majburlab tilxat yozdirib olishgan.

 

Shuningdek tergov jarayonida aniqlanishicha, joriy yilning iyun oyida ushbu jinoiy guruh aʼzolari tomonidan tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi fuqaro M.R.ni Turkiya davlatida boʻlgan davrda 2 kun davomida erkiga zid ravishda nomaʼlum xonadonda majburlab ushlab turib, jabrlanuvchiga tazyiq oʻtkazish yoʻli bilan ota-onasi nomidagi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 300 ming AQSH dollariga teng boʻlgan 2 ta hovlini jinoiy guruh aʼzolari nomiga rasmiylashtirishga erishganlar. Jabrlanuvchi shaxs ushbu jinoiy guruhning tajovuzlari va tazyiqlaridan qoʻrqib, mazkur holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki tibbiyot muassasalarga murojaat qilmay kelgan, biroq joriy yilning 31-iyul kuni sogʻligʻi yomonlashganligi sababli, shifoxonaga “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, oʻng yanoq suyagi sinishi, tanasida koʻplab shilingan jarohatlari” tashxisi bilan yotqizilgan.

 

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligida oʻtkazilgan bir qator tezkor tadbirlar natijasida, mazkur uyushgan jinoiy guruh aʼzolaridan 2 nafari, yaʼni 1990-yilda tugʻilgan U.D. (muqaddam JKning 164-moddasi (“Bosqinchilik”) va 166-moddasi (“Talonchilik”) bilan sudlangan) hamda 1991-yilda tugʻilgan F.X. (muqaddam JKning 168-moddasi (“Firibgarlik”) va 176-moddasi (“Qalbaki pul yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish”) bilan sudlangan)lar aniqlanib, qoʻlga olinganlar. Jinoiy guruhning qolgan aʼzolarini aniqlash va ushlash choralari koʻrilmoqda.

 

“Joriy yilning 12-avgust kuni gumonlanuvchi U.D.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 224-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida u oʻzini yomon his qilayotganligini aytib, toʻsatdan yiqilib hushini yoʻqotgan. Holat boʻyicha tez-tibbiy yordam chaqirtirilib, IIO xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan, biroq tez-tibbiy yordam kelgunga qadar U.D. hushiga kelmay vafot etgan. Birlamchi tashxisga koʻra gumonlanuvchining oʻlimi “Jigar sirrozi ogʻir stadiyasi, oʻtkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi” oqibatida yuzaga kelgan.

 

Mazkur holat yuzasidan hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tekshiruv oʻtkazilmoqda, U.D.ning oʻlim sababini aniqlash boʻyicha tegishli sudga oid tibbiy-ekspertiza tayinlangan”, deyiladi maʼlumotda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//