Jamiyat
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Jizzax, Fargʻona, Toshkent, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi.
Jizzax viloyatidagi qurilish firmasi rahbari tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaro ishonchiga kirib, Yangiobod tumani hokimligida ishlovchi mansabdor tanishi yordamida, yopiq shaklda oʻtkaziladigan tender orqali unga mazkur tuman hududidan 200 gektar yer maydonini shamol elektr stansiyalari qurish uchun olib berish evaziga 200 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻidan 100 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, jinoyatni toʻliq fosh etish maqsadida, qurilish firmasi rahbaridan olingan dastlabki koʻrsatmalar hamda mavjud dalillarga asoslanib, uning Yangiobod tumani hokimligida masʼul lavozimda ishlovchi tanishi ham qoʻlga olindi.
Fargʻona shahridagi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari va uning tanishi oʻzaro til biriktirib, mazkur MCHJga investitsiya kiritib, ipak matolar tayyorlash va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun Fargʻona shahridagi kichik sanoat zonasi hududidan ajratilgan 2 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 110 ming AQSH dollari talab qilishib, oldindan 50 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Parkent tumanida dehqonchilik yoʻnalishida faoliyat yurituvchi fermer xoʻjalik rahbarining oʻgʻli mazkur xoʻjalikning 10 gektar yer maydonini xaridorga 50 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 26 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Sardoba tumanidagi fermer xoʻjalik rahbari mazkur xoʻjalikning sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish uchun moʻljallangan 5 gektar yer maydonini xaridorga 18 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, 17 900 AQSH dollari va 1 mln 150 ming soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Chust tumanidagi paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning rahbari tanishi bilan oʻzaro til biriktirib, mazkur xoʻjalikning 2 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish va u yerda bogʻdorchilik bilan shugʻullanishga ruxsat olib berish evaziga 11 500 AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q