Hukumat qarori bilan voyaga yetmaganlar “Umra”ga borishi ta’qiqlandi

Saqlash
18:45 / 09.08.2023 1632 0

“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. 

 

Qarorga ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyatni amalga oshirish lisenziyasi chiqish turizmi kichik turining alohida faoliyat yo‘nalishi hisoblanib, mazkur faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

 

 Turistik faoliyatni amalga oshirish lisenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha lisenziya talablari va shartlari joriy etiladi:

 

➖ 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;

 

➖ “Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;

 

➖ “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;

 

➖“Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;

 

➖ “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.

 

“Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator murojaati asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisini ziyoratchilarga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida jalb etish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etiladi:

 

➖mutaxassisning ziyoratchilar guruhlariga rahbarlik qilishi bilan bog‘liq xizmati beg‘araz amalga oshiriladi, uning safar xarajatlari (transport, mehmonxona, oziq-ovqat, sug‘urta, viza to‘lovlari va boshqalar) “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator tomonidan qoplanadi;

 

➖ mutaxassis turoperatorning so‘roviga ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 3 ish kunida ajratiladi;

 

➖1 nafar guruh rahbariga 50 nafardan oshmagan ziyoratchilar guruhi biriktiriladi.

 

➖2023-yil 1-oktyabrdan “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.

 

Qarorda belgilangan qo‘shimcha lisenziya talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan qo‘llaniladi hamda ulardan lisenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im va lisenziya uchun davlat boji undirilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//