Oʻzbekistonda 5 milliondan ortiq oʻquvchiga moʻljallangan maktablarda 6,2 mln oʻquvchi taʼlim olayotgani maʼlum qilindi

Saqlash
03:04 / 28.11.2021 1149 0

AOKAda 27-noyabr kuni Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ishtirokida Oʻzbekistonda maktablar yetishmovchiligi mavzusida brifing boʻlib oʻtdi.

 

Maʼlum qilinishicha, 2018—2021-yillarda Oʻzbekiston maktablarida qoʻshimcha 474,5 ming oʻquvchi oʻrni yaratilgan. Bu uchun davlat byudjetidan 5 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan. Bundan tashqari, maktablar 11 yillik taʼlim tizimiga oʻtishi munosabati bilan boʻshab qolgan 383 ta kasb-hunar kolleji maktablarga aylantirilib, 221 ming qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yuzaga kelgan.

 

2022-yilda respublika boʻyicha 15 176 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan 37 ta maktabni yangidan qurish, 71 819 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan 180 ta maktabni rekonstruksiya qilish va mavjud 89 tasini mukammal taʼmirlash belgilangan.

 

Oʻzbekistonda 5 milliondan ortiq oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan 10 130 ta maktabda 6 million 246 mingdan ortiq oʻquvchi taʼlim olmoqda. Xalq taʼlimi vazirligi prognozlariga koʻra, keyingi 5 yilda maktab oʻquvchilarining kutilayotgan soni 7,5 millionga yetishi kutilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//