O‘zbekistonda qaysi OTM eng ko‘p daromad ko‘rdi?

Saqlash
14:08 / 07.08.2023 1098 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023 yilning dastlabki olti oyi davomida respublikadagi 70 ta davlat oliy ta’lim muassasalarining daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qildi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, respublika kesimida eng ko‘p daromadlar O‘zbekiston Milliy universiteti (245 mlrd so‘m), Farg‘ona davlat universiteti (191 mlrd so‘m), Qoraqalpoq davlat universiteti (188 mlrd so‘m) va Termiz davlat universiteti tomonidan (169 mlrd so‘m) shakllantirilgan.

 

Toshkent shahrida joylashgan eng ko‘p daromad* ko‘rgan oliy ta’lim muassasalarining qisqa ro‘yxati quyidagicha:

 

1. O‘zbekiston milliy universiteti – 245 mlrd so‘m;
2. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti – 165 mlrd so‘m;
3. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 151 mlrd so‘m;
4. Toshkent davlat texnika universiteti – 145 mlrd so‘m;
5. Toshkent moliya instituti – 102 mlrd so‘m.

 

*Izoh: Oliy ta’lim muassasalarining daromadlari byudjetdan moliyalashtirilgan mablag‘lar, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish uchun tushgan tushumlar, rivojlantirish mablag‘lari bo‘yicha daromadlar hisobidan shakllantiriladi.

 

Shuningdek, joriy yilning dastlabki olti oyida daromad va xarajatlar orasidagi ijobiy tafovuti yuqori bo‘lgan OTMlar - Samarqand davlat chet tillar instituti (33 mlrd so‘m), Navoiy davlat pedagogika instituti (27 mlrd. so‘m), Termiz davlat pedagogika instituti (24 mlrd so‘m), Shahrisabz davlat pedagogika instituti (19 mlrd. so‘m).

 

Bundan tashqari, joriy yilning I yarim yilligi yakunlari bo‘yicha xarajatlari daromadlaridan yuqori bo‘lgan OTMlar - Namangan davlat universiteti (-230 mlrd so‘m), Chirchiq davlat pedagogika universiteti (-128 mlrd so‘m), Urganch davlat universiteti (-85 mlrd so‘m).

 

Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda respublikada jami 210 ta OTMlar bo‘lib, ulardan 115 tasi davlat organlari tasarrufidagi OTMlar, 65 tasi nodavlat oliy ta’lim muassasalari, 30 tasi xorijiy OTMlar va ularning filiallari hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish