Namangandagi uy bogʻchasida 15 nafar bola tortdan zaharlandi

Saqlash
20:31 / 04.08.2023 1965 0

2023-yil 25-iyul kuni Namangan viloyati, Uychi tumanidagi “Gulshan” oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 15 nafar tarbiyalanuvchisi ovqatdan zaharlangan.

 

Qayd qilinishicha, bolalar sifati tez buziluvchi mahsulotni isteʼmol qilishi oqibatida oshqozon-ichak faoliyati funksiyasi buzilishi, ovqat toksikoinfeksiyasida gumonlanib, tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklari boʻlimiga yotqizilgan.

 

Oʻrganish natijasida muassasa tarbiyalanuvchisi ota-onasi farzandining tugʻilgan kuni munosabati bilan sifatsiz tort shirinligi olib kelgani va tarbiyachi uni “oʻzboshimchalik bilan bolalarga bergani” aniqlangan.

 

Xabarga koʻra, shifoxonada bolalarga zarur muolajalar koʻrsatilgan. Oʻsha kuni 13 nafar bola ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ketishi uchun ruxsat berilgan. 2 nafar bolaga esa 26-iyul kuni, butunlay sogʻayganidan keyin javob berilgan. Hozirda bolalarning hammasi oʻzini sogʻlom his qilib, “Gulshan” oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga qaytgani aytilmoqda.

 

Namangan viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi barcha davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari masʼullariga sifati tez buziluvchi mahsulotlarni olib kirmaslik, tarbiyalanuvchilarga turli gazli ichimliklarni ichirmaslik, unli oziq-ovqat mahsulotlariga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha ogohlantirilgani va tushuntirish ishlari toʻliq olib borilganini bildirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//