Fargʻonada taksi haydovchisining mashinasiga tosh bilan shikast yetkazgan erkak ushlandi, IIB xodimlariga esa xizmat tekshiruv tayinlandi

Saqlash
20:23 / 03.08.2023 946 0

Fargʻonada erkak telefoniga javob bermagan Yandex haydovchisining mashinasi oynalarini tosh bilan sindirgani, IIO xodimlari esa tomoshabin boʻlib turgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻldi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, gumonlanuvchi shaxs qoʻlga olingan.

1-avgust kuni Fargʻona shahrida yashovchi fuqaro Yandex Go firmasiga taksi buyurtma qilgan. Buyurtmani haydovchi Fargʻona shahrida yashovchi, 21 yoshli I.R. qabul qilgan va birozdan soʻng boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasida S.Sh. turgan Sohibqiron Temur koʻchasiga yetib kelgan.

Biroq fuqaro haydovchining telefoni oʻchib qolgani va uning qoʻngʻirogʻiga javob bermaganidan jahli chiqib, oʻzaro janjallashgan va haydovchining avtomashinasi oynalarini tosh bilan urib, sindirgan.

“Uzr, kechirasizlar, juda qizishib ketdim. Bir-birimizni tushunmadik. Jamoat joyida tartibsizlik qilib, qonunni buzganimiz uchun mana, jazosini olib, javob berib oʻtiribmiz. Pushaymonman, fuqarolardan, hammadan uzr soʻrayman, boshqa qaytarilmaydi”, — deydi erkak.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Mazkur holatda ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//