Shavkat Mirziyoyev “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi

Saqlash
03:22 / 03.08.2023 1191 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

 

2012-yilda tashkil etilgan mazkur iqtisodiy zona soʻnggi yillarda ham hudud, ham salohiyat jihatidan kengaydi. U Angren shahri, Ohangaron shahri va tumani, Bekobod shahrining bir qismini qamrab olgan. Bugun ushbu zonada 76 ta korxona, ularda 11 mingdan ziyod aholi ishlamoqda.

 

Ulardan biri – “Premier elektrotech” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 23 million dollarlik loyihasi. Oʻtgan yili dekabrda ishga tushgan bu korxona yiliga 100 ming dona kir yuvish mashinasi va 200 ming dona sovutgich ishlab chiqarish hamda 1 million dollarlik eksport quvaatiga ega. 350 kishi ish bilan taʼminlangan.

 

 

Bu loyihaning birinchi bosqichi boʻlib, uni kengaytirish uchun qurilish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqich shu yil dekabrda foydalanishga topshiriladi va ish oʻrinlari 450 taga yetadi.

 

Jamiyat tomonidan, shuningdek, televizor, konditsioner kabi boshqa maishiy texnikalar ham ishlab chiqariladi. Raqobatbardosh bu mahsulotlar MDH mamlakatlariga eksport qilinmoqda.

 

Davlatimiz rahbari Ohangaronda tayyor sanoat infratuzilmasi borligi, bu xorijiy investitsiyalar jalb etish uchun katta imkoniyat ekanini taʼkidladi. Shu kabi korxonalarni kengaytirish maqsadida elektrotexnika sanoati zonasini tashkil etish taklifi bildirildi.

 

Ohangaron metall quvurlar zavodining joyi besh yil oldin unumsiz dala edi. 2018-yildan boshlab sanoat majmuasi barpo etildi. 49 million dollarlik bu loyiha uchun uskunalar Turkiyadan olib kelindi. Yillik 205 ming tonna metall mahsulotlar tayyorlash quvvati yaratilib, 250 ta ish oʻrni yaratilgan. Joriy yilning 6 oyida qariyb 4 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

 

“Silk plast quality” korxonasida yiliga 13 ming tonna polimer quvurlar va fiting mahsulotlari tayyorlanadi. 78 kishining bandligi taʼminlangan.

 

 

Davlatimiz rahbari shu yerda “Angren” erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasini koʻzdan kechirdi. Yangi loyihalarni shakllantirish, aholi bandligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 

“Angren” erkin iqtisodiy zonasida yana 42 ta loyiha boʻyicha ishlar boshlangan. Ularda 5 mingdan ziyod ish oʻrni ochiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//