Dalada ishlaydiganlarga ustama beriladimi: kimlarga, qancha miqdorda?

Saqlash
00:35 / 03.08.2023 894 0

Dala nafaqasi va dala ustamasi ishlovchilarning vaqtincha noqulay mehnat va maishiy sharoitlar sababli dala sharoitlaridagi ishlarni bajarish, shuningdek, ishlab chiqarish obyektlarining aholi punktlaridan tashqarida joylashganligi bilan bogʻliq ortiqcha xarajatlarning oʻrnini qoplash maqsadida toʻlanadi.

 

Qonunchilikka koʻra, quyidagilar dala ustamasi olish huquqiga ega:

 

a) dala sharoitlarida ishlovchilar va dala ishlari amalga oshirilayotgan joylarda yashovchilar;

 

b) geologiya-qidiruv, topografiya-geodeziya, loyiha-izlanish va boshqa tashkilotlarga bevosita ularning bazaviy dala shaharchalarida xizmat koʻrsatish uchun maxsus tashkil etilgan maktablar, tibbiyot, madaniy-maʼrifiy, maktabgacha taʼlim muassasalari va boshqa yordamchi boʻlinmalar xodimlari.

 

Mehnat kodeksining 288-moddasiga asosan, koʻchib yurish xususiyatiga ega ish uchun ustama quyidagi eng kam miqdorlarda belgilanadi:

  •  
  • olis obyektlarda boʻlish kunlarida — har bir toʻliq ishlangan ish kuni (smena) uchun xodim kunlik stavkasining oʻttiz foizigacha;
  •  
  • obyekt joylashgan yerga borish va orqaga qaytish kunlarida — xodimning kunlik tarif stavkasi miqdorida.

 

Dala sharoitlaridagi ish uchun dala nafaqasi quyidagilardan kam boʻlmagan miqdorda toʻlanadi:

  •  
  • bevosita dala ishlari oʻtkaziladigan obyektlarda, tashkilotning daladagi bazaviy shaharchasidan tashqarida ishlaganda — kunlik mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining yetti foizi;
  •  
  • tashkilotlarning daladagi bazaviy shaharchalarida bajariladigan ish uchun — kunlik mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki foizi.

 

Dala ustamasi xodimlarga, egallab turgan lavozimi va oylik maoshidan qatʼi nazar, dala ustamasi hisoblanadigan paytdagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan koeffitsiyentlarda, biroq har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,06 baravaridan ortiq boʻlmagan holda quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:

 

a) dala sharoitlarida bevosita dala ishlari amalga oshiriladigan obyektlarda ishlaganda – kuniga 0,053;

 

b) geologiya-qidiruv, topografiya-geodeziya, loyiha-izlanish, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajaradigan tashkilotlarning bazaviy dala shaharchalarida ishlaganda – kuniga 0,011.

 

Dala ustamasi dala ishlari amalga oshirilayotgan joyda haqiqatda boʻlingan kalendar kunlar uchun toʻlanadi.

 

Dala ustamasi oʻrtacha oylik ish haqini hisoblashda hisobga olinmaydi va Soliq kodeksiga muvofiq xodimning daromadi sifatida hisoblanmaydi.

 

Dala ustamasi quyidagi holatlar uchun toʻlanmaydi:

 

a) har kuni doimiy yashash joyiga qaytib kelish imkoniyatiga ega boʻlgan barcha toifadagi xodimlarga;

 

b) har yilgi mehnat taʼtilida boʻlingan vaqt uchun.

 

Jamoa shartnomasi yoki kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan ichki hujjat yoxud xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuv bilan koʻproq miqdordagi kompensatsiyalar ham belgilanishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//