Davlat maktablarida bir oʻquvchi uchun yiliga qancha pul sarflanishi aytildi

Saqlash
21:51 / 01.08.2023 1097 0

Oʻzbekiston maktablarida bir oʻquvchi uchun yiliga 4,5 million soʻm sarflanmoqda. Bu haqda 31-iyul kuni AOKAdagi matbuot anjumanida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayev maʼlum qildi.

Usmon Sharifxoʻjayevning aytishicha, xususiy maktabga kishi boshiga oylik toʻlanadigan pul davlat maktabida bir oʻquvchi uchun bir yilga ajratiladi.

“Xususiy maktab, bu bozor. Oylik toʻlovi 3 million soʻm ham, 5 million soʻm ham boʻlishi mumkin. U yerga hech kimni majburan joʻnatilmaydi. Summani ham ota-ona oʻz xohishi bilan toʻlaydi. Hozirda jami xususiy maktablarda tahsil olayotgan bolalar salmogʻi umumiy oʻquvchilar sonining 1 foiziga ham yetmaydi. Sharoitlarga kelsak, ayrim xususiy maktablarning kishi boshiga oylik toʻlovi 5 million soʻm. Albatta, bunday maktabni sharoiti yaxshiroq boʻladi. Ammo taʼlim sifati bahsli masala. Chunki bolalar xususiy maktablardan davlat maktablariga qaytayotgan holatlar ham bor. Hamma xususiy maktabda taʼlim sifati bir xil deb ayta olmaymiz. Lekin sharoiti yaxshiroq boʻlishi tabiiy. Chunki ota-ona bolasiga oyiga 5 million soʻm toʻlasa, davlat bir oʻquvchiga yiliga 4,5 million soʻm ajratadi. “Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi qonun bor. Unda bizning tizimga ajratilgan summa koʻrsatilgan. Masalan, joriy yil uchun umumiy hisobda bizning tizimga 30 trillion soʻm ajratilishi belgilangan”, — dedi vazir oʻrinbosari.

Maʼlumot uchun, ayni paytda Oʻzbekistonda 10 ming 296 ta maktab va 29 ming 420 ta bogʻcha mavjud boʻlib, jami 8 million nafarga yaqin oʻquvchi va tarbiyalanuvchilar qamrab olingan. Ularga 700 ming nafar pedagoglar taʼlim va tarbiya berib kelmoqda. Kuzda boshlanadigan yangi oʻquv yili uchun maktablarga jami 732 ming nafar bola qabul qilish rejalashtirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//