“InnoWeek.Uz-2021”innovatsion gʻoyalar haftaligi oʻz ishini yakunladi

Saqlash
16:37 / 27.11.2021 1023 0

Oʻtgan bir hafta davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi nafaqat Oʻzbekiston, balki xorijiy ilm-fan namoyondalari, olimlar, tadqiqotchilar, yirik kompaniyalar uchun ilm-fan va innovatsiyalarni bir joyga jamlagan makonga aylandi. Mahalliy va xorijiy Ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida boʻldi. Haftalik davomida oʻtkazilgan turli tadbirlar, musobaqalar, anjumanlar va taqdimotlar tashrif buyuruvchilarda katta taassurot uygʻotdi.

 

– Haftalik doirasida tadbirlarimizga kelgan mehmonlar, mutaxassis olimlar shunchaki gʻoyalarni emas, innovatsiyaga aylangan ishlanmalarni, tijoratlashtirishga tayyor ilmiy tadqiqotlar natijalarini koʻrib, guvohi boʻlishdi, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov. – Maqsadimiz ham shu edi: birorta eski, innovatsiyaga aylanmagan narsa boʻlishi kerak emas degan qarorga kelgandik – endi buni anʼanaga aylantirmoqchimiz. Bu xalqimizning ilm-fanga boʻlgan ishonchimizni oshiradi. Ayniqsa, haftalikda yoshlarimizning ishtiroki keng qamrovli boʻlgani kishini quvontiradi.

 

Haftalik tadbirlarida 380 ta tashkilot va korxonalardan jami 14,5 ming nafar ishtirokchilar qatnashdi (ularning 7,1 ming nafari onlayn tarzda), shu jumladan, 18 ta mamlakatdan 131 nafar xorijlik mehmonlar tashrif buyurdi.

 

“InnoWeek.Uz-2021»xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi “Pandemiyadan keyingi davr uchun innovatsiyalar: yashil texnologiyalar, sunʼiy intellekt, texnologik inqilob, startap ekotizimi” shiori ostida ish boshladi va haftalik doirasida 10dan ortiq tadbirlar va konferensiyalar tashkil etildi. Xususan, «Postpandemiya davri uchun innovatsiyalar va investitsiyalar forumi», “Sunʼiy intellekt – texnologik rivojlanish asosi”, “Vodorod texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejamkorlik sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish” hamda “Tadqiqotlarni tijoratlashtirish va texnologiya transferining innovatsion strategiyalari” boʻyicha xalqaro miqyosdagi olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda dolzarb mavzular koʻtarildi va ularga yechim topishda harakatlar strategiyasi koʻrib chiqildi.

 

Haftalik davomida TechnoWays texnologik rivojlanish marafoni va “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni gʻoliblari ham taqdirlandi. Shuningdek, Xalqaro robototexnika musobaqasi va 5-Turkiy dunyo bolalarining fan va madaniyat festivali ham oʻtkazildi.

 

Oʻzbekiston innovatsion texnologiya sohasida yuqori oʻrinlarda turuvchi davlatlar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, ushbu sohada yaratilgan yangi texnologiya va yutuqlar borasida tajriba almashish, texnologiyalar transferini amalga oshirish borasida qator xorijiy davlatlar bilan ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik olib borishga kelishib olindi. Shuningdek, ushbu mamlakatlardan delegatsiya haftalik davomida boʻlib oʻtgan tadbirlarda ishtirok etishdi. Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar bilan bir qator shartnoma va memorandumlar imzolandi.

 

Shu bilan birga innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan Oʻzbekistonning ilmiy salohiyatiga oid barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan http://nsp.gov.uz/ domeni ostidagi “Milliy ilmiy portal” hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining yangilangan sayti taqdimoti boʻlib oʻtdi.

 

Tijoratlashtirish Forumi doirasida tijoratlashtirishgacha tayyorlash loyihalari natijasida erishilgan innovatsion mahsulot va texnologiyalarni koʻrgazmasi»ning eng yaxshi ishtirokchilari taqdirladi. Shuningdek, Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida eʼlon qilingan loyihalar tanlovlari gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham oʻtkazildi. Shuningdek, vazirlik tomonidan eʼlon qilingan “Startap loyihalar tanlovi” gʻoliblariga grant mablagʻlari topshirildi. “Eng yaxshi innovatsion mahsulotlari” tanlovi doirasida koʻrgazma ishtirokchilarining eng yaxshi startap loyihalari taqdirlandi.

Haftalikning barcha tadbirlari vazirlik saytidagi virtual platformada jonli namoyish etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//