Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filiali tashkil etiladi

Saqlash
22:35 / 31.07.2023 1238 0

“Jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda sportchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–244-son, 28.07.2023-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2024/2025 oʻquv yilidan:

Toshkent tibbiyot akademiyasida “Sport shifokori” va “Sport diyetologiyasi (ovqatlanish ilmi)” boʻyicha magistratura mutaxassisliklari joriy etiladi;

Toshkent farmatsevtika institutida “Eksperimental va sport farmakologiyasi” magistratura mutaxassisligi boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari 2 baravarga oshiriladi.

Qarorga asosan, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida tashkil etilgan tibbiyot fakulteti (“Davolash ishi” taʼlim yoʻnalishi) Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialiga aylantiriladi.

Filialda sport tibbiyoti va boshqa tibbiyot mutaxassisliklari (“Davolash ishi”, “Farmatsevtika”, “Pediatriya”) boʻyicha kadrlar tayyorlanib, Chirchiq shahridagi barcha turdagi tibbiyot muassasalari unga klinik-oʻquv baza sifatida biriktiriladi.

Sport sohasida kadrlarni kompleks tayyorlash boʻyicha “Chirchiq sport klasteri” namunasi yaratiladi.

Davlat sport-taʼlim muassasalarining sport shifokorlari, sport diyetologlari va sport farmakologlari Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida belgilangan tartibda bepul malaka oshiradi.

2024/2025 oʻquv yiligacha “70910233-Sport tibbiyoti” hamda “70910401-Gigiyena: nutritsiologiya” mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlari tasdiqlanadi.

Qarorga koʻra, Nukus, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlarida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining mintaqaviy filiallari tashkil etiladi.

2024/2025 oʻquv yilidan sport tibbiyoti sohasidagi oʻquv dasturlari va uslubiy qoʻllanmalar bevosita Markaz ishtirokida ishlab chiqiladi.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//