Madaniyat
Misrning Ayn Shams universiteti professori, yozuvchi, tarjimon Muhammad al-Jibali Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini arab tiliga tarjima qilishga kirishdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan maʼlum qilinishicha, iyun oyida Oʻzbekiston prezidenti saylovini bevosita kuzatgan Muhammad al-Jibali Toshkentda boʻlgan chogʻida Abdulla Qodiriy uy muzeyida boʻlib, yozuvchining nabiralari bilan uchrashgan, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida suhbatlar oʻtkazgan, oʻzbek madaniyati va tarixi bilan yaqindan tanishgan.
Muhammad al-Jibalining aytishicha, nihoyatda boy adabiy merosga ega oʻzbek adabiyoti durdonalari xorijiy tillarga tarjima qilinmagani uni ajablantirgan. Professor “Oʻtkan kunlar” romanining arab tiliga tarjima qilinishi, nafaqat Misr, balki butun arab dunyosida iliq kutib olinishiga ishonch bildirgan. Bu oʻzbek madaniyati, mintaqa tarixi, oʻzbekona odob-axloq bilan Yaqin Sharq xalqlarini yaqindan tanitishga misli koʻrilmagan darajada hissa qoʻshadi.
Mutaxassisga koʻra, arab tilining sinonimlarga nihoyatda boyligi, har bir harakat va holatni turli usullarda tasvirlash xususiyati, ikki xalqning madaniy-maʼnaviy jihatdan yaqinligi romanning ushbu tarjimasi boshqa xorijiy tillardagi tarjimalaridan sezilarli darajada sifatli boʻlishiga va badiiy goʻzallikni saqlab qolishga imkon beradi.
Romandagi oʻzbekona ruhni aks ettirish, tarjima sifatini oshirish maqsadida tarjima muallifiga mamlakatning Misrdagi elchixonasi madaniy masalalar boʻyicha attashesi Otabek Alimov, hozirgi paytda Qohirada istiqomat qilayotgan oʻzbekistonliklar Husan Abdumajidov, Saudiya Arabistonida yashab tahsil olgan yozuvchi va tarjimon Said Mahmud Kosoniy va boshqalar koʻmaklashmoqda. Asardagi baʼzi arab imlosida (eski oʻzbek yozuvi) bitilgan atamalarni asl holida saqlab qolish uchun romanning ilk nusxasi Abdulla Qodiriyning nabiralari tomonidan taqdim etilgan.
“Oʻtkan kunlar”ning arab tiliga tarjimasi romanning 100-yilligi arafasida 2024-yili tayyor boʻlishi va mintaqadagi eng yirik va nufuzli 55-Qohira xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q