Prezident Oʻzbekiston xalqiga tabrik yoʻlladi

Saqlash
04:53 / 31.07.2023 1068 0

Qadrli vatandoshlar!

 

Siz, azizlarni, butun Oʻzbekiston xalqini 30-iyul – Xalqlar doʻstligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

 

Koʻpmillatli xalqimiz – bizning eng katta boyligimiz, yurtimizdagi millatlar va konfessiyalararo hamjihatlik – barcha yutuq va marralarimizning mustahkam asosidir.

 

Azal-azaldan oʻzining doʻstlik, birodarlik va bagʻrikenglik anʼanalari bilan shuhrat qozongan qadimiy va betakror Oʻzbekiston zaminida hozirgi vaqtda 130 dan ortiq millat va elat vakillari oʻzaro tinch va ahil yashab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda, 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar, 38 ta doʻstlik jamiyati va 153 ta milliy madaniy markaz erkin faoliyat koʻrsatmoqda.

 

Mamlakatimizdagi davlat taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonlari 7 tilda olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda tahsil olayotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanmoqda.

 

Barcha hududlarimizdagi “Doʻstlik uylari” turli millatga mansub fuqarolar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutmoqda.

 

Xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarimiz ham Oʻzbekistonning doʻstlik va insonparvarlik diyori sifatidagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

 

Bugun – ushbu quvonchli ayyomda “Xalqlar doʻstligi” festivali doirasida oʻtkazilayotgan turli madaniy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar hayotimiz qoidasiga aylangan “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” degan gʻoyat muhim tamoyilni yanada keng qaror toptirishda beqiyos ahamiyatga ega ekanini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz.

 

Ezgu anʼanamizga muvofiq, millatlararo doʻstlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda hukm surayotgan oʻzaro hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini asrash, milliy madaniy markazlar faoliyatini rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari uchun turli millat va elat vakillari boʻlgan vatandoshlarimiz bu yil ham davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlandi. Bugungi imkoniyatdan foydalanib, ularning barchasini chin qalbimdan tabriklayman.

 

Muhtaram doʻstlar!

 

Biz millatlar va konfessiyalar oʻrtasida totuvlikni, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, har bir Oʻzbekiston fuqarosining vijdon erkinligini taʼminlashga qaratilgan siyosatimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.

 

Umumxalq referendumida qabul qilingan Asosiy Qonunimizda mustahkamlab qoʻyilgan qoida va meʼyorlar asosida nodavlat tashkilotlarning rolini oshirish, ularning huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

 

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, soʻnggi olti yarim yilda Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatida katta ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Buni jahon hamjamiyati vakillari, xalqaro ekspertlar, turli davlatlarning siyosiy arboblari haqli ravishda eʼtirof etmoqda.

 

Markaziy Osiyo mintaqasidagi qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona aloqalar qayta tiklanib, azaliy qardoshlik va birodarlik anʼanalari yangi bosqichda davom ettirilayotgani xalqlarimizning ezgu orzu-umidlari roʻyobga chiqayotganidan dalolatdir.

 

Qadrli yurtdoshlar!

 

Ushbu goʻzal bayram chinakam doʻstlik va bagʻrikenglik yurti boʻlgan jonajon Oʻzbekistonimizni dunyoga yanada keng tarannum etishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

 

Fursatdan foydalanib, sizlarni, butun xalqimizni yana bir bor Xalqlar doʻstligi kuni bilan samimiy tabriklayman.

 

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

 

Muqaddas Vatanimiz – Oʻzbekistonimiz gullab-yashnasin, doimo tinch va barqaror boʻlsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//