Prezident bogʻcha bolalariga “oq-qorani farqlash”ni oʻrgatgan IIB xodimlari haqida gapirdi

Saqlash
01:42 / 29.07.2023 2018 0

Fargʻona shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

 

Qayd etilishicha, ijtimoiy-iqtisodiy muammosi hal etilmasa jinoyat yoʻliga kirish ehtimoli yuqori aholi qatlami bilan yangicha ishlash tizimi joriy qilingan edi.

 

Unga koʻra, bunday toifaga kiruvchi aholi “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida “mahalla beshligi”ga nomma-nom biriktirilgan.

 

Lekin, Ichki ishlar, Kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi bu masalaning ichiga chuqur kirmagan, “mahalla beshligi” uchun na bir metodika, na bir qoʻllanma ishlab chiqqan.

 

Oqibatda ushbu yangi tizim 9 ming 400 ta mahalladan bor-yoʻgʻi 20 tasida ishlayapti.

 

“Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bogʻchalarga borib, 3-4 yoshli bolakaylarga “oq-qorani farqlash” boʻyicha maʼruza oʻqish bilan band.

 

Tizimda staji 3 yilgacha boʻlgan, endi tajriba toʻplayotgan profilaktika inspektorlarini kriminogen ogʻir mahallaga qoʻyish amaliyoti haligacha davom etmoqda.

 

Aksincha, “yaxshi” mahallalarda esa koʻp yillik tajribasi bor xodimlar xizmat qilmoqda”, dedi Prezident.

 

Ichki ishlar vaziriga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish ishlari qoniqarsiz yoʻlga qoʻyilgani koʻrsatib oʻtildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//