Mehnat arbitraji faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi

Saqlash
01:29 / 28.07.2023 1961 0

Doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi mehnat arbitraji toʻgʻrisidagi namunaviy nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

 

Namunaviy nizomga koʻra, jamoaviy mehnat nizosi (nizo) quyidagi holatlarda mehnat arbitrajida koʻrib chiqilishi mumkin:

 

– nizo mediator tomonidan koʻrib chiqilib tomonlar kelishuvga erisha olmaganda;

 

– nizoni mediator tomonidan koʻrib chiqishda tomonlar mediator nomzodi boʻyicha kelishuvga erishish muddati tugagan boʻlsa;

 

– taraflar nizoni mediator bilan hal etishni rad etsa.

 

Mehnat arbitraji respublika darajasida 7 nafar, tarmoq darajasida
5 nafar hamda boshlangʻich va hududiy darajada 3 nafar arbitrni oʻz ichiga oladi.

 

Arbitrlar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mutaxassislari orasidan shakllantiriladi.

 

Arbitrlar oliy maʼlumotga hamda mehnat sohasida kamida 3 yillik stajga ega boʻlishi kerak.

 

Arbitrlar nizoni hal etishga jalb qilinganda oʻrtacha ish haqi saqlab qolinib asosiy ishidan ozod qilinadi.

 

Taraflar mehnat arbitrajiga ariza berishdan avval arbitraj qarorlarini bajarish majburiyligi toʻgʻrisidagi shartni oʻz ichiga olgan kelishuv tuzadi.

 

Mehnat arbitraji nizoni quyidagi muddatlarda koʻrib chiqadi:

 

boshlangʻich va hududiy darajada – 5 ish kunigacha;

 

respublika va tarmoq darajasida – 10 ish kunigacha.

 

Mehnat arbitraji nizo boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

 

taraflar nizoni hal qilish boʻyicha kelishuvga erishganligi toʻgʻrisida;

 

taraflardan biri nizo boʻyicha talabdan voz kechganligi toʻgʻrisida;

 

nizoni taraflardan birining foydasiga hal qilish toʻgʻrisida.

 

Mehnat arbitraji qarori taraflar uchun majburiy kuchga ega hisoblanadi.

 

Maʼlumot uchun: mehnat arbitraji – yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmaganda taraflar oʻrtasidagi jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) uchun tuziladigan doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi organ.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//