Oʻzbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi isteʼmoli rekordi yangilandi

Saqlash
01:06 / 28.07.2023 2060 0

Anomal issiq fonida Oʻzbekistonda elektr energiyasi isteʼmoli 2022-yilning yoz hamda 2023-yilning iyun oyidagi rekord koʻrsatkichlarni yangiladi. Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, 2023-yil 26-iyulda Respublika boʻyicha elektr energiyasi isteʼmoli 250,7 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. 2022-yilning xuddi shu kunida jami 236,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlatilgan boʻlib, kechagi koʻrsatkich avvalgi yildagidan 5,8 foiz ortiq boʻldi.

 

Bundan oldin 2023-yil 12-iyul kuni Respublika boʻyicha jami isteʼmol 247,5 mln kVt⋅soatni tashkil etib, rekord koʻrsatkich yangilangan edi.

 

Shu bilan birga, 26-iyul kuni elektr energiyasi isteʼmolining soatlik talabi qariyb 12 300 MVtni tashkil qildi. Bu 2022-yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 500 MVt (+14,1 foiz) koʻpdir.

 

Maʼlumot uchun, 2022-yilda maksimal elektr energiyasi isteʼmoli 27-iyulda qayd etilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 239 mln kVt⋅soatni, kunduzgi isteʼmol quvvati 10 800 MVtni tashkil qilgan.

 

Energetika tizimidagi elektr stansiyalari tomonidan kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 243,9 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. Bu 2022-yilning shu kungi holatiga nisbatan 21,5 mln kVt⋅soat (9,6 foiz) koʻpdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//