“Profilaktik tadbir oʻtkazilgan”. IIB xodimlarining bogʻcha bolalariga maʼruza qilgani aks etgan videoga izoh berildi

Saqlash
19:35 / 24.07.2023 1142 0

Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari kichik yoshdagi bogʻcha bolalariga maʼruza qilayotgani, xususan, tarbiyalanuvchilarga oq bilan qorani farqlash, bir ishni qilishdan oldin oqibatini oʻylash haqida gap ketgani tasvirlangan video tarqaldi. Bu esa jamoatchilik tanqidlariga sabab boʻldi.

Toshkent shahri maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, holat 2023-yil 18-iyul kuni Uchtepa tumanidagi bogʻchalarning birida kuzatilgan.

Taʼkidlanishicha, 17-iyul kuni tumandagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birining rahbari tomonidan tuman IIO FMB, mudofaa ishlari boʻlimi hamda “Farhod” MFY raisi nomiga hamkorlikda “Harbiylar bilan uchrashuv” mavzusida profilaktik tadbir oʻtkazish yuzasidan taklifnoma yuborilgan.

Shunga asosan, 18-iyul kuni tuman IIO FMB 2-sonli IIB “Farhod” mahallasiga xizmat koʻrsatuvchi 40-sonli TP profilaktika katta inspektorlari kapitan F.T. va leytenant A.A. ushbu bogʻchaga kelgan.

“Profilaktika inspektorlari bogʻcha tarbiyalanuvchilari bilan vatanga muhabbat, ota-ona qadri va kelajakda vatanni qoʻriqlaydigan mard oʻgʻlon va qizlar boʻlib yetishishlari, bogʻchadan notanish fuqarolar bilan ketmasligi, uyini begona shaxslarga ochmaslik, begona shaxslarning qoʻllaridan shirinlik va boshqa narsalarni olmaslik haqida suhbat oʻtkazgan. Ular oʻzlari bilan olib kelgan kitob va oʻyinchoqlarni bogʻcha tarbiyalanuvchilariga sovgʻa qilib topshirishgan”, — deyiladi rasmiy axborotda.

Qoʻshimcha qilinishicha, tadbir tafsilotlari aks etgan videolavhani guruh tarbiyachisi tarbiyalanuvchilarning ota-onalari uchun ochilgan Telegram guruhga tashlagan. “Ayrim ota-onalar tomonidan bu videolavha boshqa guruhlarga tashlanib, tomoshabinlar tomonidan notoʻgʻri talqin qilingani achinarlidir”, — deyiladi poytaxt maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi munosabatida.

 

“Gazeta.uz”ning yozishicha, shahar MMTB matbuot xizmati mazkur holat boʻyicha bildirilgan munosabatni Telegram kanaldan oʻchirib, axborotni tahrirlab, kanalga qayta joylagan. Birinchi rasmiy axborotda yozilgan videodagi IIB xodimlari haqidagi maʼlumot olib tashlandi. Nashr axborotni boshqarmaning ilk rasmiy munosabati asosida tayyorlagan.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//