Jaziramadan qanday saqlansa boʻladi? JSST tavsiyalari

Saqlash
20:51 / 21.07.2023 1878 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati jaziramadan saqlanish boʻyicha tavsiyalarni eʼlon qildi. Maʼlumotlar Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosiga tegishli.

Tahlillarga koʻra, oʻtgan yili kuzatilgan anomal issiq harorat Yevropada 60 000 nafardan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan. Bu avval prognoz qilinganidan uch barobar koʻp koʻrsatkich. Xavotirli jihati, sayyoramizda global isish jarayoni davom etar ekan, mazkur raqamlar yildan yilga ortishi mumkin.

Anomal harorat kuzatilayotgan davrda issiq oʻlkalarga sayohat qilmoqchi boʻlganlar avval ob-havo prognozidan xabardor boʻlishi kerak. Shunga qarab ehtiyot choralarini koʻrgan holda yoʻlga chiqish zarur.

Jaziramada doim odam oʻzi bilan yaxna suv olib yurishi kerak. Zarurat boʻlmasa, harorat yuqori soatlarda koʻchaga chiqmaslik va ogʻir jismoniy ishlar bilan shugʻullanmaslik kerak. Bunday vaziyatda transport vositalarida bolalar va hayvonlarni qoldirish toʻgʻri emas. Iloji boʻlsa, kunduzi kamida ikki-uch soat davomida salqin joyda vaqt oʻtkazgan maʼqul.

Tunda xona derazalarini ochish, kunduzi oftob nurini qaytarish uchun xonalarga pardalar tutish va jazirama kunlarda imkon qadar oʻzidan issiq chiqaruvchi elektr moslamalaridan kamroq foydalanish maqsadga muvofiq. Organizmning suvsizlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun kuniga yetarli miqdorda suyuqlik isteʼmol qilish juda muhim. Mutaxassislar, shuningdek, yengil, tabiiy matodan tikilgan va keng liboslar kiyishni, imkon qadar tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilishni, shakarli, alkogolli yoki kofeinli ichimliklardan voz kechishni tavsiya qiladi.

Shuningdek, tashkilot koʻp vaqtini yolgʻiz oʻtkazadigan yaqinlar, doʻstlar va qoʻshnilar sogʻligʻidan muntazam xabardor boʻlishni yoddan chiqarmaslikka chaqirdi. Chunki issiq kunlarda zaif odamlar yordamga muhtoj boʻlishi mumkin.

Anomal harorat taʼsirida odamda bosh aylanishi, koʻngil aynishi, holsizlik, bosh ogʻrigʻi kabi alomatlar kuzatilsa, shifokorga uchrashish zarur. Agar atrofdagilarda oftob tigʻi tufayli noodatiy belgilar, masalan, xushni yoʻqotish, talvasa, aqldan ozish kabi simptomlar yuzaga kelsa, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//