Oʻqishini xorijdan koʻchirib kelayotgan 19 nafar talabani OTMga qabul qilishda tamagirlik qilingani aniqlangan

Saqlash
15:24 / 26.11.2021 890 0

Oliy taʼlim muassasalaridagi komplayens nazorat tizimini boshqarish boʻlimlari tomonidan bir qator korrupsion holatlar aniqlangan. Bu haqida AOKAda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilayotgan matbuot anjumanida xabar berildi.

 

Qayd etilishicha, vazirlik telegram ijtimoiy tarmogʻida @vazirga_takliflar_bot va “Anticoredu” boti faoliyatini yoʻlga qoʻygan. Bugungi kunga qadar mazkur botga 116 ta murojaat va takliflar kelib tushgan. Shulardan 25 ta murojaatda oliy taʼlimda korrupsion holatlar mavjudligi toʻgʻrisida xabarlardan iboratligi aytildi.

 

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalaridagi komplayens nazorat tizimini boshqarish boʻlimlari tomonidan ham qator korrupsion holatlar aniqlangan. Xususan,

- 1 ta holatda talabalar tomonidan tayyorlangan 8ta kurs ishlari va 10ta bitiruv malakaviy ishlarda plagiat (koʻchirmachilik)ga yoʻl qoʻyilgan;

- 1 ta holatda oʻtkazilayotgan tanlov jarayonlarining gʻoliblariga beriladigan pul mukofoti berilmagan;

- 1 ta holatda oʻqituvchi tomonidan talabalarga kitob sotish holati aniqlangan;

- 1 ta holatda OTM bosh hisobchisi oʻrinbosari tomonidan manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan (119 mln. soʻm);

- 1 ta holatda talabaning toʻlov-kontraktining ortiqcha qismini qaytarib olishda tamagirlik holati aniqlangan;

- 3 ta holatda talaba tomonidan oʻzlashtirilmagan fanlardan baho qoʻydirish evaziga pora talab qilingan;

- 1 ta holatda xodimning xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlar (26 mln. soʻm) asossiz ravishda toʻlab berilgan;

- 1 ta holatda oʻqishini xorijdan koʻchirib kelayotgan (19 nafar) talabalarni OTMga qabul qilishda tamagirlik holati aniqlangan (181 mln. soʻm);

 

"Murojaatlar oʻrnatilgan tartibda masʼullarni jalb qilingan holda oʻrganildi, oʻrganish natijalari boʻyicha zaruriy choralar koʻrildi", - deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//