Deyarli har kuni qisqa muddatga elektr energiyasi uzib qoʻyilayotganiga izoh berildi

Saqlash
22:25 / 20.07.2023 1041 0

Energetika vazirligi Oʻzbekistonda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida olib borilayotgan taʼmirlash ishlari vaqtida elektr energiyasi qisqa muddatga uzib qoʻyilayotganini toʻgʻri tushunishni soʻradi.

Maʼlumki, shu kunlarda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalar, elektr uzatish tarmoqlari, podstansiyalar va transformator punktlarida joriy hamda mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur taʼmirlash ishlari jarayonida ayrim hududlardagi elektr tarmoqlari vaqtincha tarmoqdan ajratib turiladi va ana shu jarayonda taʼmirlash ishlari olib borilayotgan tarmoqlar orqali taʼminlanuvchi isteʼmolchilarning elektr taʼminotida uzilishlar kuzatiladi.

“Isteʼmolchilardan tarmoqda keng koʻlamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, keyinchalik vaziyatni ancha uzoqroq tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga toʻgʻri keladigan bunday zaruriy choralar bugun oʻta muhim ekanligini tushunishlarini va qoʻllab-quvvatlashlarini soʻraymiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Taʼkidlanishicha, havo haroratining keskin isishi natijasida elektr qurilmalarining haddan tashqari qizishi hamda isteʼmolning ortishi energotizimda katta hajmdagi avariyaviy oʻchishlarga olib kelishi mumkin. Bu esa elektr taʼminotini yaxshilash uchun muayyan vaqt (bir kun yoki undan koʻproq) talab etishi mumkin.

Asosan, ochiq quyoshda joylashgan elektr tarmoqlari bugungi anomal issiq sharoitda ularning ishlashi uchun moʻljallanmagan haroratgacha qiziydi. Bundan tashqari, ayniqsa, kunduz kunlari elektr uzatish tarmoqlarining nosoz holatga kelishiga elektr energiyasi isteʼmolining favqulodda oʻsishi ham taʼsir qilmoqda.

“Oddiy aytganda, oʻzi oftobning tigʻi ostida tashqaridan qiziy boshlagan kabel yuklamaning ortishi, son-sanoqsiz konditsionerlar, muzlatkichlar, sovitkichlar, boylerlar va boshqa elektr texnika jihozlarining bir vaqtda tarmoqqa ulanishi tufayli ichidan ham qizib, asta-sekin tutay boshlaydi.

Ana shu vaziyatda energotizimda keng koʻlamli muammolar yuzaga kelishining oldini olish uchun dispetcherlik xizmatlari elektr uzatish tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish maqsadida zarur choralar koʻradi. Masalan, maʼlum koʻrsatkichlar kritik (ogʻir) darajaga yaqin boʻlgan hollarda, ayrim turar joy binolari va sanoat obyektlari elektr taʼminotidan vaqtincha uzib turiladi”, — deya tushuntirish berilgan vazirlik xabarida.

Elektr tarmoqlaridagi favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hududlar boʻylab tun-u kun ishlaydigan avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etilgan. Ular yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etib borilayotgani qayd etilgan.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//