Siyosat
9-iyul kunning ikkinchi yarmida Markaziy saylov komissiyasida muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga xalqaro tashkilotlardan va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Ular qatorida Xitoy Xalq Respublikasi TIV elchisi Van Kayven, Rossiya Federatsiyasi MSK raisi oʻrinbosari Nikolay Bulayev, Turkmaniston MSK raisi Gulmurad Muradov, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min boshchiligida delegatsiyalar tashrif buyurishdi.
Uchrashuvda muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotgani maʼlum qilindi.
Kuzatuvchilar saylov jarayonlariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq yuqori saviyada tayyorgarlik koʻrilganligi, saylov komissiyalari oʻz faoliyatini saylov qonunchiligiga koʻra amalga oshirayotganligini alohida eʼtirof etdi. Saylov koʻtarinki ruhda, uyushqoqlik bilan oʻtayotganligi, saylovchilarning faolligi taʼkidlab oʻtildi.
Xitoy Xalq Respublikasi TIV elchisi Van Kayven:
– Bugun kun davomida 7 ta saylov uchastkasida boʻldik. Saylovchilar bilan, saylov komissiyasi aʼzolari bilan suhbatlashdik. Ishonch bilan ayta olamanki, ushbu saylov jarayonlariga Markaziy saylov komissiyasi yuqori darajada tayyorgarlik koʻrgan. Qisqa muddat ichida ushbu yirik siyosiy tadbirga tayyorgarlik koʻrish uchun MSK juda qattiq mehnat qilganligi koʻrinib turibdi. Saylovchilarning kayfiyati yuqori darajada. Ular juda ham faol. Ayniqsa yoshlarning saylov uchastkalarida faol ekanliklariga guvoh boʻldik.
Rossiya Federatsiyasi MSK raisi oʻrinbosari Nikolay Bulayev:
– Oʻzbekistonda oʻtkazilgan bir necha saylov kampaniyalarni kuzatib borganmiz. Bu safargi saylovda fuqarolarning saylovdagi ishtiroki yuqori ekanligini taʼkidlamoqchiman. Markaziy saylov komissiyasi oʻz faoliyatini xalqaro standartlarga koʻra yuqori saviyada amalga oshirdi. Saylovchilar uchun erkin ovoz berish imkoniyati yaratilgan. Nogironligi bor shaxslarga ham biz tashrif buyurgan uchastkalarda barcha imkoniyatlar mavjud edi. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati esa saylov jarayonlarining yanada shaffof va adolatli oʻtishiga yordam beradi. Markaziy saylov komissiyasi barcha darajadagi komissiya aʼzolarini sifatli tarzda oʻqitganligi Samarqanddagi uchrashuvlarimizda ayon boʻldi. Ular saylov qonunchiligi talablaridan xabardor va oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min:
– Bizning kuzatuvchilik faoliyatimiz bir necha kun oldin boshlandi. Biz ertalab saylov uchastkalarining ochilishida ishtirok etdik. Barchasi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilganligiga guvoh boʻldik. Missiyamiz 6 guruhga boʻlingan holda bir necha oʻnlab saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini kuzatdik. Shaxsan oʻzim saylov uchastkalariga ota-onalar oʻzlari bilan hali saylov yoshiga yetmagan farzandlarini olib kelganidan xursand boʻldim. Chunki bolalarning saylov uchastkasiga kelib, ovoz berish tartibidan, saylov jarayonlaridan xabardor boʻlishga intilishlari quvonarli holat. Saylovchilarning saylovdagi faol ishtiroki Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayonlari toʻgʻrisida aholini xabardor qilishda keng miqyosda ishlar olib borganligidan dalolat beradi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q