Saylovda ilk bor og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda – IIV

Saqlash
20:34 / 09.07.2023 1658 0

Bu yilgi saylovda qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar, shuningdek, ilk bor yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga ko‘ra og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari B. Abdullayev ma’lum qildi. 

 

O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 6 maydagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-838-sonli Konstitusiyaviy qonuni bilan Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, “Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga asosan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi, boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi” belgilandi.

 

Xususan, bugun qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 34 338 nafar shaxslar ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega.

 

Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan ushbu toifadagi fuqarolar haqidagi ma’lumotlar SJBATga integrasiya qilingan bo‘lib, ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilishi ta’minlandi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2023 yil 10 mayda tasdiqlangan Kalendar rejaga ko‘ra, saylovga 45 kun qolganda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi mahkumlarning ovoz berishi uchun jami 48 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.

 

Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 24 avgustdagi 930-son qaroriga asosan, 11 ta tergov hibsxonalari, 17 ta jazoni ijro etish koloniyalari va 20 ta manzil-koloniyalarida.

 

Bu yilgi saylovga jazoni ijro etish muassasalarida 354 nafar xodimlardan iborat uchastka saylov komissiyalari tarkibi tuzilgan.

 

O‘zbekiston Prezidentligiga qo‘yilgan nomzodlarning saylov oldi dasturlarini jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yetkazish bo‘yicha nomzodlarni ishonchli vakillari tomonidan 272 marotaba targ‘ibot-tashviqot tadbirlari olib borildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//