Yaponiya Oʻzbekiston davlat xizmatchilariga taʼlim granti ajratdi

Saqlash
19:07 / 06.07.2023 1765 0

5-iyul kuni Toshkentda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida taʼlimga oid grant hujjati imzolandi. Unga muvofiq Oʻzbekiston vazirlik va idoralari vakillari Kunchiqar oʻlkada tahsil olish imkoniga ega boʻladi.

 

300 million iyena miqdoridagi (taxminan 2 million 190 ming AQSH dollari) “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” loyihasi boʻyicha almashinuv notasi Oʻzbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori tomonidan imzolandi.

 

Yaponiya hukumatining begʻaraz yordam dasturi doirasida 2024-yilda Oʻzbekistonning 18 nafar yosh davlat xizmatchisi magistratura (2 yil) va 1 nafar yosh davlat xizmatchisi doktorantura (3 yil) bosqichida taʼlim oladi.

 

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, Yaponiya hukumati tomonidan 20 yildan ortiq vaqt mobaynida moliyalashtirilayotgan mazkur loyiha doirasida 390 nafar Oʻzbekiston vazirlik va idoralari vakillari Kunchiqar oʻlkaning nufuzli universitetlarida tahsil oldi. Ular magistrlik va doktorlik darajasi bilan vatanga qaytib, hozirda xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida faoliyat yuritmoqda.

 

Yaponiya tomoniga Oʻzbekistonda taʼlim rivojiga qoʻshayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirgan vazir I.Abdurahmonov loyiha doirasida iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish, davlat moliyasi va biznes boshqaruvi, huquq, tibbiyot, taʼlim, qishloq va suv xoʻjaligi resurslari kabi yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlanishini qayd etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish