Samarqanddagi toʻyxonada goʻshtli mahsulotlarni bezatish uchun tirik baliqlardan foydalanildi

Saqlash
03:13 / 04.07.2023 2111 0

Samarqand shahrida oʻtkazilgan toʻylarning birida mehmonlar uchun yozilgan dasturxon suvli idishdagi tirik baliqlar bilan bezatildi.

 

Telegramʼdagi “Ekologuz” kanali xabar berishicha, baliqlarning koʻpi nobud boʻlgan. Boisi ularga quyilgan suv ichimlik suvi ekanligi, baliqlar esa ichimlik suvida yashay olmasligi maʼlum qilingan.

 

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Unga koʻra, mazkur voqea Samarqand shahrida joylashgan “Life Garden” toʻyxonasida sodir etilganligi aniqlangan.

 

Ushbu toʻyxona ish boshqaruvchisining aytishicha, toʻy sohiblarining talabiga binoan 9 dona petushok baligʻi toʻy dasturxoniga bezak uchun ijaraga keltirib qoʻyilgan. Soʻngra, ushbu baliqlarga talafot yetkazilmagan holda egasiga qaytarib berilgan.

 

Holatni tekshirish maqsadida davlat inspektorlari tomonidan oʻrganilganda ushbu baliqlarga shikast yetkazilmaganligi maʼlum boʻlgan.

 

“Ammo shunday boʻlishiga qaramay, tabiat jonivorlariga shafqatsiz munosabatda boʻlganlik uchun toʻy oʻtkazgan fuqaroga va toʻyxona sohibiga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli taʼsir choralari koʻrilib, holat qaytarilmasligi yuzasidan ogohlantirish berib oʻtildi”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//