Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik yoʻlladi.
Qadrli doʻstlar!
Bugun yurtimizda keng nishonlanayotgan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan siz, azizlarni, muhtaram faxriylarimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bu ayyom nafaqat oʻz hayotini shu sohaga bagʻishlagan fidoyi insonlar, balki ularning mashaqqatli ijod va mehnat mahsulidan bahramand boʻladigan millionlab mushtariylar, tinglovchi va tomoshabinlar, butun jamiyatimiz uchun ham qadrlidir.
Mana shunday kunlarda milliy matbuotimizning tamal toshini qoʻygan jadid bobolarimizning: “Matbuot fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yoʻlida xizmatchi, odamlar ong-u shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan koʻzgu boʻlmogʻi lozim” degan fikrlari hozirgi kunimiz uchun ham gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlashimiz tabiiydir.
Maʼrifatparvar ajdodlarimizning bu olijanob orzu-intilishlari faqatgina mustaqilligimiz tufayli roʻyobga chiqdi.
Keyingi yillarda yurtimizda roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin, ijtimoiy muhit yaratildi.
Biz mamlakatimizda soʻz va matbuot erkinligini, axborot olish va uni tarqatish huquqini taʼminlash masalasini inson qadrini ulugʻlash, demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan taraqqiyot strategiyamizning muhim va ajralmas qismi deb bilamiz.
Yangilangan Asosiy qonunimizda ushbu yoʻnalishdagi konstitutsiyaviy qoidalar yanada mustahkamlab qoʻyilgani bu boradagi saʼy-harakatlarimiz bardavom ekanini koʻrsatadi.
Hozirgi kunda yurtimizda 2140 ta yoki 2016-yilga nisbatan 626 ta koʻp ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi nodavlat media vositalari ekani sohada tarkibiy oʻzgarishlar izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Anʼanaviy nashrlar bilan birga internet nashrlar ham jadal rivojlanib, ularning soni 745 taga yetgani va oʻquvchilar ommasini tobora koʻproq oʻziga jalb etayotganini qayd etish lozim.
Davlat idoralari va mahalliy hokimliklar tarkibida axborot xizmatlari yoʻlga qoʻyilgani xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash hamda ilgʻor xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etildi. Jumladan, yaqinda birinchi marta oʻtgan yil yakunlariga koʻra, davlat organlari va tashkilotlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash boʻyicha Ochiqlik indeksi natijalari eʼlon qilingani bu yoʻldagi muhim qadam boʻldi.
Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqaro axborot makoniga ham dadil kirib bormoqda. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda bir qator xususiy telestudiyalarning koʻrsatuvlari jahonning 100 dan ortiq davlatlariga uzatilmoqda. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi oʻz xabarlarini 10 ta xorijiy tilda tarqatmoqda.
Keyingi vaqtda yurtimizda kitobxonlikni ommalashtirishdek ezgu ishga nashriyot-matbaa sohasi xodimlari ham munosib hissa qoʻshayotganini alohida eʼtirof etish lozim. Soʻnggi yillarda respublika nashriyotlari tomonidan 132 million nusxa badiiy kitob va boshqa adabiyotlar chop etilgani kitobsevar xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning ong-u tafakkurini yuksaltirishda muhim rol oʻynashi shubhasiz.
Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ushbu soha uchun uch yil muddatga daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlar berilgani ularning iqtisodiy holatini barqarorlashtirishda katta madad boʻlmoqda.
Aziz doʻstlar!
Bugungi shiddatli davrning oʻzi barcha sohalar qatori axborot yoʻnalishida ham oldimizga oʻta dolzarb vazifalarni qoʻymoqda.
Hozirgi vaqtda yer yuzining turli burchaklarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealarni hisobga oladigan boʻlsak, global dunyoda axborotlashuv jarayonlarining tahdidli jihatlari ham borligi va ular tobora kuchayib borayotganidan koʻz yumolmaymiz.
Dunyoning ayrim mintaqa va hududlarida ommaviy axborot vositalari muayyan siyosiy kuchlar qoʻlida informatsion urushni avj oldirishga, jamoatchilik fikrini chalgʻitishga, oqni – qora, qorani – oq deb koʻrsatishga xizmat qilayotganini afsus bilan qayd etishga toʻgʻri keladi.
Axborot makonidagi ustunlik koʻp narsani hal etadigan bugungi murakkab vaziyatda xalqimiz siz, azizlarni demokratik matbuotning asosiy sharti va talabi boʻlgan xolislik, haqqoniylik, milliy manfaatlarimizga sodiqlik kabi prinsiplarga amal qilib, oʻz bilim va salohiyati, oʻtkir qalami va haroratli soʻzi bilan jamoatchilikka ijtimoiy jarayonlar mohiyatini anglab yetishga koʻmaklashadigan, ularni buzgʻunchi axborot xurujlaridan himoya qiladigan fidoyi insonlar deb biladi.
Biz jamiyat hayotida uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, byurokratiya va korrupsiya kabi illatlarga qarshi kurashishda, avvalo, siz hurmatli jurnalist va blogerlar, ayniqsa, milliy media makonimizga yangi gʻoya va tashabbuslar bilan kirib kelayotgan isteʼdodli yoshlarimizga tayanamiz.
Shu bois keng miqyosda fikrlaydigan, ona tili bilan bir qatorda xorijiy tillarni, axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan, yuksak malakali, vatanparvar jurnalist kadrlarni tayyorlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti kabi taʼlim muassasalarida jurnalistika yoʻnalishi boʻyicha yuzlab mutaxassislar tayyorlanayotgani ham shundan dalolat beradi.
Ushbu oliy taʼlim dargohlarida talaba yoshlarimiz bosma ommaviy axborot vositalari va noshirlik ishi, audiovizual jurnalistika, internet jurnalistikasi va menejmenti, media nazariyasi va amaliyoti, harbiy va sport jurnalistikasi, raqamli media, xalqaro munosabatlar singari yigirmadan ziyod taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali professor-oʻqituvchilardan mahorat sirlarini oʻrganayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.
Biz Yangi Oʻzbekistonning yangi jurnalistikasini yaratish vazifasini oʻz oldimizga qoʻygan ekanmiz, bu boradagi milliy anʼanalarimiz bilan birga rivojlangan davlatlar tajribasini ham har tomonlama oʻrganishimiz, ommaviy axborot vositalari boʻyicha dunyodagi yetakchi oliygohlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va media kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishimizni hayotning oʻzi talab etmoqda.
Shu sababli ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻlib qoladi.
Bu sohada oldimizda turgan vazifalarni aniq belgilab olish va amalga oshirishda hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Jurnalistlari uyushmasi tomonidan tayyorlanayotgan Milliy maʼruza katta amaliy ahamiyat kasb etadi, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz va jamiyatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli va masʼuliyatli mehnatini ragʻbatlantirish, sohaning moddiy-texnik va kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun zarur yordam koʻrsatishga tayyor ekanini yana bir bor taʼkidlayman.
Sizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz hamda yaqinlashib kelayotgan ulugʻ ayyom – Qurbon hayiti bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy faoliyatingizda yangi yutuqlar, xonadonlaringizga baxt-saodat va fayz-u baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q