Sobiq Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov pensiyaga chiqdi

Saqlash
02:20 / 22.06.2023 1473 0

Oʻzbekistonning sobiq Tashqi ishlar vaziri, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov nafaqaga chiqdi. U bu haqda Twitter sahifasida maʼlum qildi.

 

“Davlat idoralari va xorijiy diplomatik missiyalarda 45 yillik faoliyatimdan soʻng nafaqaga chiqishga qaror qildim. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qarorimni qoʻllab-quvvatlaganidan chin dildan minnatdorman.

 

Barcha aloqalarimdan Oʻzbekiston tashqi siyosatini rivojlantirish, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotiga investitsiyalar, innovatsion texnologiyalar va raqamli yangiliklarni jalb qilishda foydalanish niyatidaman. Shu sababli men Silk Road Advisory konsalting kompaniyasini tashkil qildim”, — deb yozgan u.

 

Vladimir Norov 1955-yil 31-avgust kuni Buxoroda tugʻilgan. 1972—1976-yillarda Buxoro pedagogika institutida oʻqigan. 1983—1985-yillarda Sovet Ittifoqi ichki ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchisi boʻlgan.

 

2019—2021-yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi boʻlib ishlagan. 2022-yil 27-apreldan tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan va 30-dekabrdan vazir lavozimidan ozod qilingan.

 

Vladimir Norov 2023-yilning 10-yanvaridan buyon Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//