O‘zbekistonda eski banknotlarni yangisiga almashtirish imkoni berildi

Saqlash
21:05 / 15.06.2023 1015 0

Markaziy Bank eski namunadagi banknotalarni qabul qilishini maʼlum qildi. Endilikda fuqarolar belgilangan tartibda qogʻoz pul va tangalarni almashtirishlari mumkin.

 

“Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 soʻmlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 soʻmlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan eski namunadagi tanga va banknotlarning muomalada boʻlish muddatlari:

 

– 2001-2002-yillar namunalaridagi 50 soʻmlik, 2004 va 2009-yil namunalaridagi 100 soʻmlik tangalar hamda 1994-yil namunasidagi 50 va 100 soʻmlik banknotlar uchun 2019-yil 1-iyulgacha;

– 1997-yil namunasidagi 200 soʻmlik, 1999-yil namunasidagi 500 soʻmlik banknotlar uchun 2020-yil 1-iyulgacha belgilangan.

 

Markaziy bank boshqaruvining 2022-yil 29-yanvardagi qaroriga asosan ushbu eski namunadagi toʻlov qobiliyatini yoʻqotgan pul belgilarini Markaziy bankning hisob-kitob kassa markazlari orqali amaldagi pul belgilariga almashtirib berish muddati 2023-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilgan edi.

 

Bugungi kunda ayrim hududlarda toʻlov qobiliyatini yoʻqotgan banknotlarni almashtirish yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olib, Markaziy bank boshqaruvining 2023-yil 3-iyundagi tegishli qaroriga asosan toʻlov qobiliyatini yoʻqotgan eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 soʻmlik banknotlarni hamda 50 va 100 soʻmlik tangalarni Markaziy bankning hisob-kitob kassa markazlari orqali qabul qilish va almashtirib berishni davom ettirish belgilandi.

 

Shu munosabat bilan, barcha fuqarolarda qolib ketgan, eski namunadagi toʻlov qobiliyatini yoʻqotgan, yuqorida koʻrsatilgan nominallardagi banknotlar va tangalarni Markaziy bankning hisob-kitob kassa markazlarida amaldagi pul belgilariga erkin almashtirib olishlari mumkinligi maʼlum qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//