Hafta davomida quruq va issiq ob-havo saqlanib qoladi

Saqlash
20:03 / 05.06.2023 1145 0

Hafta davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar berdi.

 

5-9 iyun kunlari respublikaning barcha hududlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Haroratning asta-sekin ko‘tarilishi davom etadi. Ish haftasi oxiriga borib, kunduzi havo +37...+40 darajagacha, 5-6 iyunda respublikaning shimolida, 6-8 iyunda janubda va cho‘l hududlarda +41...+42 darajagacha isiydi.

 

Bunday harorat iyun oyining birinchi o‘n kunligi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 4-6 darajaga yuqoridir. Ammo 2021 yil iyun oyining birinchi o‘n kunligida markaziy hududlar bo‘yicha havo harorati +41...+43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa +44...+46 darajagacha ko‘tarilgan.

 

Respublikaning tog‘li hududlarida ushbu haftada asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat Farg‘ona vodiysi bilan chegaradosh ayrim tog‘li hududlarda bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

 

Respublikaning shimolida, janubida va cho‘l hududlarida 7-8 iyunda ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

 

Poytaxtda 5-9 iyun kunlari havo kam bulutli bo‘ladi, shamol sharqiy yo‘nalishda esadi. Harorat hafta boshida +35...+37 daraja bo‘ladi, hafta oxiriga borib +38...+40 darajagacha ko‘tariladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//