Qoraqalpoqdan yomon san'atkor chiqmaydi - Gulbahor Erqulova

Saqlash
16:27 / 03.06.2023 1710 0

30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” o'tkazilmoqda. 

 

Mazkur oylik munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a'zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahriga keldi. 

 

Targ'ibotchilarning ilk manzili Shumanay tumani bo'ldi. Tumanda joylashgan "Madaniyat uyi"da "Ma'rifat soati" o'tkazildi.

 

 

"Bugungi tashrifimiz yoshlar oyligi doirasida bo'lib o'tmoqda. Bu bekorga emas, albatta, axir O'zbekiston yoshlar mamlakati, yoshlar yurti. Shu bois yoshlarga imkoniyatlar va imtiyozlar eshigi ochilmoqda. Meni esa bu kabi imkoniyatlarni ko'rib havasim keladi. Misol uchun Temurbeklar maktabi tashkil etildi, Mard o'g'lon mukofoti ta'sis etildi. Bu hali hammasi emas. Bir oy avval kelganimda Kegeyli tumani tashkil etilgan yangi kutubxonani ko'rib bola bo'lgim keldi. Davlat esa yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish xususida bosh qotirmoqda.

 

Yoshlarimiz ham shunga mos kelajakka intilmoqda. Yuraklarida o't bilan, ishonch bilan yangi g'oyalar bilan chiqishayotganini ko'ryapmiz. Zero, hech bir harakat javobsiz qolmaydi. 

 

Xususan, endilikda qizlar ham o'qisin, bilim olsin, intilsin deya ularning magistraturada to'lov-kontraktlari to'lab berilmoqda. Bu bilan davlat butun yurtimizning, jamiyatimizning bilimli bo'lishiga intilmoqda. Axir bilimli ayollardan bilimli farzandlar tug'iladi, kitobxon bolalar ulg'ayadi", dedi Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti direktor o'rinbosari Munira Qahhorova.

 

Shundan so'ng O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Gulbahor Erqulova so'zga chiqdi.

 

"O'zi mehnat ta'tilida edim. Lekin Qoraqalpoqqa deyishgan edi, kelaverdim. Sababi men qoraqalpoq san'atini juda yaxshi ko'raman. Qoraqalpoqdan yomon san'atkor chiqmaydi. Nega ekanligini bilmayman. Bu tuzlarizga bog'liqmikan", deydi taniqli san'atkor.

 

Erqulova muloqot davomida qoraqalpog'istonlik yosh va taniqlik san'atkor Jenizbek Piyazovning san'atkorlar oilasidan ekanligini aytdi.

 

"Bir tadbirga borsam joy yo'q. Butun "zal" Jenizbekni oila a'zolari bilan to'libdi. So'rasam "hali hamma kelmadi", dedi", deya kuladi u. 

 

Tadbir kuy-qo'shiqqa ulandi. Aholi poytaxtdan tashrif buyurgan san'atkorlar hamda qoraqalpoq xonandalarining ijod namunalaridan bahramand bo'lishdi.

 

Ma'lumot uchun, targ'ibotchilar tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'ylab "Ma'rifat tur", "Zukko bolajon", "Kitob karvoni", "Ma'rifat soati" hamda "Mening farzandim O'zbekiston faxri" kabi ma'rifiy tadbirlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//