Jahon
Qozogʻiston Majilisi (parlament quyi palatasi) deputatlari mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevni omma oldida haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni bekor qiluvchi qonun loyihasini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda Qozogʻiston adliya vazirligi matbuot xizmatiga asoslanib Zakon.kz xabar bermoqda.
Gap Jinoyat kodeksining birinchi prezidentning shaʼni va qadr-qimmatini ommaviy ravishda haqorat qilganlik va kamsitganlik, shuningdek, uning daxlsizligi kafolatlarini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi ikki moddasi haqida ketmoqda.
“Bu moddalar Jinoyat kodeksida endi kerak emas, ularga ehtiyoj ham yoʻq, chunki Elbasi maqomining oʻzi endi mavjud emas. Shuning uchun jinoiy javobgarlik endi kerak emas va qoʻllanilmaydi”, — deya tushuntirdi parlamentning Qonunchilik va sud-huquq islohotlari qoʻmitasi raisi Snejanna Imasheva.
2022-yil yozida Qozogʻistonda Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha referendum boʻlib oʻtgan edi. Natijada birinchi prezidentning maqomi va vakolatlari haqidagi modda hamda Nazarboyevning millat yetakchisi maqomi oʻzgarmasligi haqidagi moddalar asosiy qonundan chiqarib tashlandi.
Joriy yilning fevral oyida Qozogʻiston prezidenti Qasim-Joʻmart Toʻqayev “Qozogʻiston Respublikasining birinchi prezidenti — Elboshi toʻgʻrisida”gi qonunni bekor qiluvchi hujjatni imzolagan edi. Shundan soʻng Nazarboyev Qozogʻiston xalqiga murojaat qilish va parlament oldida chiqish qilish huquqidan mahrum boʻldi.
Nursulton Nazarboyev 2022-yil yanvarida Qozogʻistondagi ommaviy norozilik namoyishlaridan soʻng oʻz imtiyozlarini bosqichma-bosqich yoʻqota boshladi. Namoyishchilarning talablaridan biri Nazarboyevning hokimiyatdan chetlatilishi edi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q