Milliy armiya 2030-yilga qadar eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan taʼminlanadi – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
22:33 / 30.05.2023 1347 0

Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari faqat va faqat xalq va davlat milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda olib boriladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.

 

“Vatanimizning mustaqilligi va xavfsizligi, hududiy yaxlitligini soʻzsiz taʼminlash – bizning birlamchi va muqaddas burchimizdir. Oʻzbekistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi tashabbuslari xalqaro maydonda faol ilgari suriladi.

 

Eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantiramiz. Markaziy Osiyoda turli yoʻnalishlar, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport yoʻlaklarini rivojlantirish borasidagi amaliy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqiladi.

 

Shuningdek, xorijdagi vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlab, ularning yurtimiz taraqqiyotida faol ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Ular orasida ona tili, milliy madaniyat va anʼanalarni targʻib etish boʻyicha tizimli choralar koʻriladi”, – dedi u.

 

Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda jahondagi kuch markazlari oʻrtasida qarama-qarshilik tobora avj olib, global siyosatning harbiylashuvi asosiy tendensiyaga aylanmoqda.

 

“Afgʻonistonda beqarorlik saqlanib qolayotgani barchamizni jiddiy tashvishga solmasdan qoʻymaydi. Bunday murakkab jarayonlarda bizning bosh maqsadimiz – Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini yanada mustahkamlashdan iborat boʻladi.

 

Bu borada Qurolli Kuchlarimizning qudrati, mudofaa qobiliyatimiz va harbiy salohiyatimizni yanada oshirish maqsadida, milliy armiyamiz 2030-yilga qadar eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan taʼminlanadi. Qoʻshinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida boshlagan ishlarimizni jadallashtiramiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Maʼlum qilinishicha, harbiy-jangovar qudrat va yuksak maʼnaviy salohiyat Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//