Shavkat Mirziyoyev iyun oyida Qirgʻizistonga tashrif buyurishi mumkin

Saqlash
19:52 / 30.05.2023 1139 0

Qirgʻizistonning Choʻlpon-Ota shahrida 2-iyun kuni prezident Sadir Japarov raisligida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” ikkinchi sammiti boʻlib oʻtadi. Bu haqda Qirgʻiziston davlat rahbari matbuot xizmatiga tayanib, “Kun” nashri yozmoqda.

 

Qirgʻiziston tomonining xabar berishicha, sammitda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston rahbari Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon va Turkmaniston vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Nurmuhammet Amannepesov ishtirok etadi.

 

Ikki mintaqa oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilinadi, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar hamda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.

 

Bundan tashqari, prezident Sadir Japarov delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.

 

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining avvalgi, birinchi sammiti 2022-yil 27-oktyabr kuni Ostona shahrida boʻlib oʻtgan edi. Unda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy vaziyat Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi integratsiyani yanada faolroq qoʻllab-quvvatlashini talab qilishini taʼkidladi. Shuningdek, u ushbu format doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish boʻyicha strategik dastur ishlab chiqishni taklif qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//