Jamiyat
Joriy yilning 29-may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Vetnam davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti oʻtkazildi. Tadbir Oʻzbekistonning Prestige Travel turistik kompaniyasi tashabbusi bilan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Madaniyat va turizm vazirligining masʼul xodimlari ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari: jumladan, Prestige Travel kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov, Vetnamning VinGroup korporatsiyasi asoschisi hamda Vetnamdagi yirik VinPearl mehmonxonalar tizimi rahbari Aleksandra Nguyen xonim va Amega Travel Vietnam kompaniyasi boshqaruvi raisi Sonya Nguyen Thi Xuan xonimlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Vetnam oʻrtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik kengayib bormoqda. Jumladan, ikki davlatlar oʻrtasida sayyohlar oqimi ham avvalgi yillarga nisbatan keskin ortdi. 2022-yilning yakunlariga koʻra Vetnamdan Oʻzbekistonga 10 ming nafar sayyohlar kirib kelgan.
Maʼlumot uchun, 2023-yilning iyun oyidan boshlab Oʻzbekiston va Vetnamning Nyachang shaharlari oʻrtasida doimiy toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar qatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu oʻz navbatida ikki mamlakat turizm sohasida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va muhim qulayliklar yaratadi.
Mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Vetnamdan Oʻzbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin koʻpaytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Jumladan, iyun oyidan boshlab poytaxtimiz Toshkent va Vetnamning Nyachang shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar ishga tushiriladi. Oʻtgan yili Prestige Travel tomonidan 10 ming nafarga yaqin oʻzbekistonliklarning Vetnamga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab vetnamliklarni turist sifatida mamlakatimizga olib kirdik. Yana bir bor taʼkidlayman: amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir. Bizning kompaniya bu borada yetarli tajribalar asosida faoliyat koʻrsatadi. Sababi biz Oʻzbekistonda ilk bor Misrga, Chernogoriyaga, Vetnamga hamda qator Yevropa davlatlariga birinchi marta toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar qoʻyib, sayohat uchun yoʻl ochganmiz, — deb taʼkidladi kompaniya asoschisi Oybek Ahmedov.
Turizmning Oʻzbekiston iqtisodiyotida tutgan oʻrni jadal oʻsib bormoqda. Buni joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2 mln nafardan ortgani va turistik xizmatlar eksporti salkam 650 mln AQSH dollariga yetganidan ham bilish mumkin. Joriy yilda xorijdan Oʻzbekistonga kirib keluvchi sayyohlar soni 7 mln nafardan ortishi kutilmoqda. Bunda Vetnam davlati bilan turizm sohasida olib borilayotgan ikki tomonlama hamkorlik ham alohida oʻrin tutadi.
Mamlakatimiz turizmini rivojlantirishda bizdagi salohiyatni xorijda yanada kengroq targʻib qilish, xalqaro aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish va noodatiy tarzda xorijiy sayyohlar eʼtiborini jalb qilish muhim hisoblanadi. Shu boisdan bugungidek ikki tomonlama ochiq muloqotlar qator yangiliklarga qoʻl urishimiz uchun asosdir. Biz Vetnam davlatida yurtimizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va goʻzal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida boʻlganlar soni ortib borayotganligini qadrlaymiz va ularni mamlakatimizda koʻrishdan mamnun boʻlamiz, — deb aytib oʻtdi ochiq muloqotda Madaniyat va turizm vazirligi departamenti rahbari Temur Majidov.
Tadbir davomida dastlab, xorijlik tadbirkorlarga Oʻzbekistonda turizm yoʻnalishida yaratilgan imkoniyatlar va oxirgi erishilgan yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shundan soʻng tomonlar ikki mamlakatning turizm imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishish borasida muloqotga kirishdi.
Bugungi kunga kelib, Oʻzbekistonda 5 mingga yaqin mehmonxonalar faoliyat koʻrsatmoqda, respublika boʻyicha sayyohlarni qabul qiluvchi oʻrinlar soni 100 mingdan ortgan.
Madaniyat va turizm vazirligi sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlar faoliyatini qoʻllab quvvatlagan holda mamlakatimizda yangi turizm yoʻnalishlari faoliyati uchun imkoniyatlar yaratib berish ustida ish olib borilmoqda. Shu bilan aholining turizm madaniyatini oshirish va ularning sifatli dam olishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q