Jamiyat
29-may kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani IIB binosida tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit 4-qavatdan sakrab, vafot etdi, deya xabar berdi Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.
Qayd etilishicha, 22-may kuni tonggi soat 04:30 atrofida tumandagi yo‘l-patrul xizmati maskanida xizmat olib borayotgan inspektorlar Gentra transport vositasini to‘xtatgan. Avtomobil yo‘lovchisi 21 yoshli X.T. “o‘z xatti-harakatlari bilan xodimlarda shubha uyg‘otgani” sababli xolislar ishtirokida tekshirilgan.
Uning yonidan o‘tkir hidli to‘q jigarrang modda borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan. X.T. va to‘plangan hujjatlar tuman IIOga topshirilgan. O‘tkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, X.T.ning yonidan topilgan modda 53,52 grammni tashkil qilib, gashish ekani aniqlangan.
Holat yuzasidan X.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Shu kuni taxminan soat 18:50 atrofida yigit Chilonzor tumani IIO FMBdagi 4-qavatda joylashgan xizmat xonasiga olib ketilayotgan vaqtida hojatxonaga kirishni so‘ragan. X.T. 4-qavatda joylashgan hojatxonaga kirgandan so‘ng tergovdan qochib yashirinish maqsadida hojatxona derazasidan pastga sakrashi oqibatida bosh va tana qismidan turli jarohatlar olgan (mazkur holat binoga o‘rnatilgan videoyozuv moslamalarida qayd etilgan)”, — deyiladi xabarda.
Tuman IIO xodimlari yigitga tez-tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida RSHTYOIMga olib borgan va unga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh suyagini sinishi, tana a’zolarining gematomasi tashxisi qo‘yilgan. 29-may kuni u kasalxonada vafot etgan.
Biroq marhumning yaqinlari bu izohga shubha bildirgan. Xususan, Kun.uz saytiga murojaat qilganlardan birining aytishicha, yigitning oilaviy sharoiti yaxshi bo‘lmagan va u bir necha yil davomida uydan uzoqda — Toshkentda yashab, yaqinlari bilan deyarli aloqa qilmagan. Shu sababli qo‘lga olinganidan keyin oldiga keladiganlar ham topilmagan. Chilonzor tumani IIB tergovchisi 29-may kuni yigitning yaqinlariga telefon qilib, uning vafot etganini aytgan.
“Shifoxonada men bilan gaplashgan ayolning aytishicha, tanasining birorta ham qismi — na oyog‘i va na qovurg‘asi singan, balki faqatgina yuzi va bosh qismida jarohat izlari bo‘lgan. Nahotki 4-qavatdan tushib ketgan insonning hattoki qo‘li ham sinmasa. Bundan tashqari, IIB xodimlari uning oyog‘i singanini aytgandi. Uning gavdasi ham kattagina edi, u qanday qilib hojatxona oynasidan sig‘ib ketishi mumkinligiga ham hayronman. Boz ustiga, hojatxona ichki ishlar binosida bo‘lsa. Shifokorlardan qandaydir shubhangiz bormi, desam, fikrimni faqat sudda aytaman, deyishdi”, — deydi marhumning yaqini.
Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini qo‘shimcha qildi.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q