Sirdaryo respublika boʻyicha birinchi boʻldi

Saqlash
11:05 / 29.05.2023 941 0

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Maʼnaviyat maskani foydalanishga topshirildi.

 

Ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi oʻrinbosari Shavkat Zayniddinov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Murodjon Hayitov, nuroniylar, yoshlar, ziyolilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

 

Soʻzga chiqqanlar maskan ijodkor yoshlar uchun muloqot maydoni boʻlib, undagi qulaylik va imkoniyatlar maʼnaviy-maʼrifiy sohani yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidladi.

 

 

 

Maskan zamonaviy “Maʼrifat kutubxonasi”, majlislar zali, seminar-treninglar oʻtkazishga moʻljallangan va faoliyat olib borish uchun maxsus xonalardan iborat. Shuningdek, birinchi va ikkinchi Renessans asoschilari, jadidchilik harakati aʼzolari boʻlgan allomalar va maʼrifatparvar vatandoshlarimizning hayoti, ijodiy faoliyati, “Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar haqidagi fotolavhalar, Prezidentning sohaga oid farmon va qarorlari oʻrin olgan.

 

 

 

Kirish qismiga esa ibratli soʻzlar tushirilgan bannerlar, allomalar, shoir va yozuvchilar hayoti hamda faoliyati haqida maʼlumot beruvchi kompozitsiya joylashtirilgan.

 

Viloyatda shu kunga qadar Sirdaryo, Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba, Sayxunobod, Guliston tumanlari hamda Shirin, Yangiyer va Guliston shaharlarida Maʼnaviyat maskanlari tashkil etilib, foydalanishga topshirilgandi. Shu tariqa Prezident qarorida belgilangan reja respublikada birinchi boʻlib bajarildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish