Turmush qurganiga 50 yil toʻlgan 21 ta oilaning “oltin toʻy”lari oʻtkazildi

Saqlash
10:05 / 29.05.2023 983 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi va “Nuroniy” jamgʻarmasi hamkorligida Ohangaron shahridagi madaniyat va istirohat bogʻida “Sharq ayoli maʼrifati” loyihasi doirasida “Oila – baxt va mehr qoʻrgʻoni” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

 

Tadbirni oʻtkazishdan maqsad turmush qurganiga 50 yil toʻlgan ohangaronlik 21 ta oila vakillarini eʼtirof etish, ularga ehtirom koʻrsatish hamda yarim asrlik turmushlari davrida erishgan yutuqlarni, oilaviy maktablarini yosh oilalarga, turmush qurish arafasida turgan yigit-qizlarga ibrat sifatida koʻrsatish va targʻib etishdir.

 

 

Marosimda ishtirok etgan Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Zulayho Mahkamova, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Jamila Shermuhammedova jamiyatda oilaning tutgan oʻrni, ibratli oilalar yaratayotgan oʻziga xos maktablarning yosh oilalarni mustahkamlashdagi, barkamol avlodni tarbiyalashdagi muhim roli haqida maʼruza qilish bilan birga, yarim asr farovon turmush qurgan, mahallada mustahkam oila maktabini yaratgan namunali 21 oila vakillarini “oltin toʻy”lari munosabati bilan samimiy qutladi.

 

 

 

 

 

Yubileyi boʻlayotgan oilalarning kutubxonalariga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan badiiy adabiyotlar toʻplami, shuningdek, tadbir tashkilotchilari tomonidan tayyorlangan sovgʻalar hadya qilindi.

 

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Oʻzbekiston xalq artisti, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Dilorom Karimova, Oʻzbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli rejissyor Zamira Begimqulova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Moʻminova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Bahodir Nishonov, Alisher Otaboyev, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Dilshod Rajabov, yakkaxon xonandalar Nafisa Farmonova, Adolat Ismoilova, Umid Shahobovning ishtirok etishi ham yubileyni chinakam toʻyga aylantirib yubordi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish