Madaniyat
Belarus poytaxti – Minsk shahrida XXVII «Listapad» xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tmoqda, unda O‘zbekiston delegasiyasi ham faol ishtirok etyapti.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va «Belarusfilm» kinostudiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanib, shartnoma doirasida harbiy yo‘nalishdagi ikkita – "Osiyo arsloni" va «Uzbechka» filmlari suratga olinadi.
Birinchi film – "Osiyo arsloni" («Aziatskiy lev») to‘liq metrajli badiiy film bo‘lib, "Belarusfilm" kinostudiyasi xarajatlarning 50 foizini qoplab beradi. Mazkur film Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, urushda partizan sifatida ishtirok etgan Sovet Ittifoqi Qahramoni Mamadali Topvoldiyev haqidadir. Fashistlar uni «Aziatskiy lev" deb atashgan, belarus partizanlari esa unga «Kazbek» nomini berishgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, jasur askarni qo‘lga olish uchun Adolf Gitler shaxsan katta pul mukofoti e’lon qilgan.
Ikkinchi film “Uzbechka” ham Ikkinchi jahon urushi voqealariga bag‘ishlangan. Film real voqealar asosida suratga olinadi. Rejissyor Akbar Bekturdiyev tomonidan suratga olinishi rejalashtirilayotgan filmda vatanini mardonavor himoya qilgan mergan qiz haqida hikoya qilinadi. Film bosh qahramonining prototipi yuzlab fashistlarni yo‘q qilgan afsonaviy Zebo Gʻaniyeva. Ushbu nomdagi asar muallifi esa yozuvchi Baxtiyor Abdug‘afurdir. Har ikki film ham urush sahnalariga boy bo‘ladi.
– Quvonarlisi, Kinematografiya agentligi bilan hamkorligimiz faol rivojlanmoqda. Jumladan, «Belarusfilm»da «Ilhaq» filmining urush sahnalari suratga olindi, «Meros», “Muhabbat bahori” filmlari ham hamkorligimiz samarasi edi. Ijodiy guruhlar allaqachon Minskka yetib kelgan va hozirda beloruslik hamkasblari bilan birgalikda ssenariy ustida ish olib borishmoqda. Va hozirda biz umumiy tarixiy xotiramiz, g‘alabamiz va albatta, urush qahramonlariga bag‘ishlangan filmlarni birgalikda yaratishni boshlayapmiz, – dedi «Belarusfilm» kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy.
«Listapad» xalqaro kinofestivali Belorussiyadagi kino sohasidagi eng yirik va eng nufuzli tadbir bo‘lib, 27 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Har yili noyabr oyida «Listapad» kinofestivali doirasida Minsk shahriga butun dunyodan eng yaxshi filmlar olib kelinadi. Badiiy va hujjatli filmlarning asosiy tanlovlari MDH davlatlari, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Sharqiy va Markaziy Yevropada yaratilgan yangi filmlarga qaratilgan.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q