O‘zbekistonda elektr va gazdan foydalanish qoidabuzarliklari haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi

Saqlash
16:44 / 26.05.2023 1726 0

“Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

 

Farmonga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini to‘liq joriy etish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish va ularga barham berishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

 

2023-yil 1-sentabrdan:

 

aholi tomonidan Energetika vazirligining internetdagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;

 

huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

 

huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Energetika vazirligining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

 

Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Qonun buzilishi aniqlanganda, prokuratura organlari tomonidan davlat organlari va mansabdor shaxslarga qonun buzilishini zudlik bilan bartaraf etish to‘g‘risida talabnoma kiritiladi.

 

Shuningdek, O‘zenergoinspeksiya faoliyatiga “Energonazorat” platformasi hamda mobil ilovasining sinov versiyasi 2024-yil 1-martgacha tajriba tariqasida Qashqadaryo viloyatida, 2024-yil 1-oktabrgacha to‘liq versiyasi joriy etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//