10−11-sinf o‘quvchilariga qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqib dars o‘tiladi

Saqlash
19:45 / 22.05.2023 1115 0

O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida 2023/2024 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi o‘quv dasturlari joriy etiladi. Bu haqda 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi dasturida so‘z borgan.

 

Xususan, 2023-yil 1-sentabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

 

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari kiritila boshlaydi. Bunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1−4-sinflarida o‘quvchilar ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitiladi.

 

5−9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar beriladi. 10−11-sinf o‘quvchilarining esa qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinadi.

 

Mazkur vazifani bajarish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbarlari zimmasiga yuklatilgan. Buni prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Odil Abdurahmonov nazorat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//