Dam olish kunlari O‘zbekistonda havo ochiq bo‘ladi

Saqlash
17:04 / 19.05.2023 1922 0

Dam olish kunlari — 20−21-may sanalarida O‘zbekistonda yomg‘ir yog‘ishi, yakshanbaga borib, havo yaxshilanishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

 

Juma kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida havo harorati +25…+30, janubiy hududlarda 35 daraja atrofida bo‘lgan quruq va iliq ob-havo bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida va kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning ayrim joylarida do‘l yog‘ishi mumkin.

 

20-mayda faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 13−18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi.

 

21-mayda O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo ochiq va quyoshli bo‘ladi. Kunduzgi havo harorati ko‘tariladi va +31…+33 ni, janubda va cho‘l hududlarda +35…+38 darajani tashkil etadi.

 

19−20-mayda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

 

Poytaxtda juma kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi. Harorat +25…+27 daraja bo‘ladi.

 

Shanba kuni qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +15…+17, kunduzi +27…+29 daraja bo‘ladi.

 

 

Yakshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +16…+18, kunduzi +28…+30 daraja bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//