Sayfulla Soipov 8 karra umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Saqlash
20:07 / 18.05.2023 1624 0

2017-yilda Nyu-Yorkda terakt sodir etishda aybdor deb topilgan O‘zbekiston fuqarosi Sayfulla Soipov Amerika sudi tomonidan ketma-ket 8 ta umrbod jazo, shuningdek, 260 yillik qamoq muddatiga hukm qilindi. AQSh Adliya vazirligiga ko‘ra, hukm 17-may kuni chiqarilgan.

 

Qarorni sharhlar ekan, bosh prokuror Merrik B. Garland shunday dedi:

 

«Hukm Sayfulla Soipov IShIDning puxta rejalashtirilgan terakti oqibatida sakkiz nafar begunoh jabrdiydani shafqatsizlarcha o‘ldirgani uchun butun umrini federal qamoqxonada o‘tkazishini bildiradi». 

 

O‘z navbatida, AQShning Nyu-York Janubiy okrugi prokurori Demian Uilyams «sakkizta umrbod qamoq jazosi Soipov terakt sodir etganida o‘zi boshiga yetgan sakkizta hayotdir, 260 yillik qamoq jazosi esa - 18 ta qotillikka, jumladan, to‘rt nafar bolani o‘ldirishga urinish uchun eng ko‘p jazo» ekanligini tushuntirdi. 

 

2023-yil yanvarida hakamlar hay’ati O‘zbekiston fuqarosi Sayfulla Soipovni 2017-yilda Nyu-Yorkda terakt sodir etish va sakkiz kishini o‘ldirishda aybdor deb topdi. 

 

Mart oyida Soipov ustidan mahkama jarayonida ishtirok etgan hakamlar hay’ati o‘lim jazosi uchun zarur bo‘lgan bir ovozdan qaror qabul qila olmagani, shu bois ayblanuvchi umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi xabar berilgan edi. 

 

Sayfulla Soipov 2017-yil 31-oktabr kuni Nyu-Yorkdagi mashhur velosiped yo‘lagida yuk mashinasini odamlar ustiga haydagan. 

 

Soipov Nyu-Jyersida yuk mashinasini ijaraga olgan, uni Hadson daryosi bo‘yidagi yo‘l bo‘ylab boshqargan va Jahon savdo markazi yaqinida maktab avtobusiga borib urilishdan oldin bir nechta velosipedchilarni bosib ketgan. Shundan so‘ng u qo‘lida ov miltig‘i va peyntbol to‘pponchasi bilan yuk mashinasidan tushgan. Shunda politsiya uni o‘qotar qurollar bilan taslim qilgan.

 

Hujum oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, ko‘plab odamlar og‘ir jarohat oldi, jumladan, bir ayol ikki oyog‘idan ajraldi.

 

Soipov 2010-yilda O‘zbekistondan qonuniy ravishda AQShga ko‘chib o‘tgan hamda Ohayo, Florida va Nyu-Jyersida yashagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//