Chustda yozuvchi Maʼmura Zohidovaning “Manglaydagi yoziq” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi

Saqlash
11:05 / 18.05.2023 1106 0

Chust tumani Gʻova qishlogʻi Madaniyat markazida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi, yozuvchi Maʼmura Zohidova bilan ijodiy uchrashuv oʻtkazildi va uning “Manglaydagi yoziq” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

 

 

Uchrashuvda Maʼmura Zohidovaning maktabdagi ustozlari, Yozuvchilar uyushmasidan mehmonlar hamda RMMM viloyat boʻlimi rahbari M. Appoqov, tuman boʻlinmasi rahbari S. Nasimxonova ishtirok etdi. 12-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari ijodkorning qalamiga mansub sheʼrlardan parchalar oʻqidi, asarlaridan sahna koʻrinishlari namoyish etdi.

 

 

Maʼmura Zohidovaning “Bobur lirikasida estetik tarbiya masalalari talqini”, “Lotin alifbosidan kimlar qoʻrqadi?..”, “Darslikdagi xatolar”, “Darsliklar mukammal boʻladimi?”, “Boychechak – bahor qoʻshigʻi emas”, “Imlo lugʻatining oʻzida xato boʻlsa...”, “Oʻquv markazining maqsadi: koʻproq abituriyent kelsin”, “Harbiy atamalar qaysi tillardan oʻzlashgan”, “Til millatning ruhi boʻlsa...”, “Tilimizning jilosini avvalo tilshunoslar koʻrsatishsin”, “Mening tigʻ tilgan tilim...”, “Adabiyot koʻchirmachilikni kechirmaydi”, “Isteʼdodsiz bola yoʻq” kabi 50 dan ortiq tanqidiy maqolalari eʼlon qilingan.

 

Yozuvchining “Hikoyalar” (2000), “Aytilmay qolgan gaplar” (2013), “Najot kuyi” (2017), “Buloqlimozor siri” (2018) kabi sheʼriy va nasriy toʻplamlari ham nashr etilgan.

 

“Haqiqiy ilmga maʼnaviyat orqali erishiladi. Kitobga boʻlgan muhabbat bu — eng avvalo, vatanga, oilaga boʻlgan muhabbatdir. Bugun olimlarimiz, shoir-u yozuvchilarimiz qatorida yosh, izlanuvchan tadqiqotchilarimiz ham oʻz hissalarini qoʻshmoqda. Ularni ilm-ziyo, maʼnaviyat targʻibotchilari desak mubolagʻa boʻlmaydi”, — dedi Maʼmura Zohidova tadbir yakunida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish