“Maʼnaviy tarbiya va targʻibotning zamonaviy texnologiyalari hamda taʼsirchan usullari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi

Saqlash
15:52 / 17.05.2023 1283 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Maʼnaviy tarbiya va targʻibotning zamonaviy texnologiyalari hamda taʼsirchan usullari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.

 

Tadbir avvalida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori Olimjon Davlatov mamlakatimizda maʼnaviy tarbiya va uning targʻiboti maʼrifatli jamiyat qurish yoʻlida muhim omil ekanini, bu mavzuda qilingan tadqiqotlarning amaliyotga tatbiq etilishi anjumanning asosiy yutugʻi boʻlishini aytdi.

 

“Barcha tizimlardagi targʻibotchi yoshlarni aniqlash va ularni birlashtiruvchi “Yoshlar klubi”ni joriy etish zarur. Shu bilan birga, mehnat va oʻquv jamoalari oʻrtasida, har bir mahalla va muassasalarda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot va tashviqot ishlari boʻyicha doimiy asosdagi ijtimoiy aksiyalar, tanlov va musobaqalarni yuqori saviyada oʻtkazishga alohida eʼtibor va yangicha yondashuv ish uslubini joriy etish maqsadga muvofiq”, ­­­– deydi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari, falsafa doktori Munira Qahhorova.

 

 

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman maʼnaviy tarbiyaning samarali va taʼsirchan usullari, dunyoning mafkuraviy manzarasi, targʻibotning yangi texnologiyalari, ijtimoiy davlat tushunchasining ilmiy, maʼnaviy va huquqiy asoslari, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish metodikasi va baholash mezonlari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish kabi ilmiy muammolar tahliliga bagʻishlandi.

 

 

“Tan olib aytish kerak, bizning jamiyatimizda bugun populizm yoʻq. Lekin populizmning tashqi taʼsiri, ayni paytda, hali ham xatarligicha qolmoqda. Bunday holatda uning zararli oqibatlari haqida ilmiy jamoatchilik yetarlicha tadqiqotlar olib borishi, keng jamoatchilikka yetkazib berishi lozim boʻladi”, – deydi siyosatshunos Hamid Sodiq oʻz maʼruzasida.

 

 

Konferensiyada dunyoning mafkuraviy manzarasi, maʼnaviy tarbiya va zamonaviy targʻibot texnologiyalarining bugungi kundagi ahamiyati milliy va maʼnaviy muhit bilan bogʻlangan tarzda muhokama etildi. Konferensiya shoʻbalari ushbu ilmiy muammolarga aloqador toʻrt yoʻnalishda tanlangan.

 

Mazkur ilmiy-amaliy anjumanda yosh tadqiqotchilarga ham keng minbar berildi. Yosh olimlar maʼnaviy tarbiyaning eng ilgʻor usullari, xorij tajribasi, targʻibotning yangi texnologiyalari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish kabi masalalar boʻyicha maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//