Mastercard Oʻzbekistonda vakolatxonasini ochadi

Saqlash
22:24 / 16.05.2023 1589 0

16-may kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik konferensiyasi chogʻida Mastercard global toʻlov texnologiyalari kompaniyasi Oʻzbekistonda oʻzining birinchi rasmiy vakolatxonasi ochilishini maʼlum qildi.

 

“Rasmiy vakolatxonani ochish bizga joylardagi ehtiyojni yaxshiroq tushunish imkonini beradi va biz eng zamonaviy raqamli texnologik yechimlarni taklif etib, yanada gʻayrat bilan ishlaymiz. Endilikda barchaning manfaati uchun, yaqin yillarda raqamli iqtisodiyot taraqqiyoti boʻyicha umumiy maqsadlarga erishish yoʻlida, biz yanada faol va unumli ishlashimizga aminman”, — dedi EEMEA (Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika) mintaqasida Mastercard prezidenti Dimitrios Dosis.

 

Konferensiya doirasida Mastercard inklyuziv taraqqiyot markazi oʻta muhim global sherik — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Markaziy Osiyoda kelgusida hamkorlikni kengaytirish va kichik biznes sohiblari, ayniqsa, ayollar uchun raqamli imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu memorandum Oʻzbekiston va Qozogʻistonda mikro hamda kichik korxonalar (MKK) raqamli imkoniyatlarini kengaytirish uchun Markaziy Osiyodagi kelgusidagi hamkorlikni oʻrganishga qaratilgan.

 

2022-yilda Mastercard va Oʻzbekiston Markaziy banki oʻrtasida uch yillik Raqamli texnologiyalar sohasida sheriklik toʻgʻrisida kelishuv va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kichik va oʻrta korxonalarni raqamlashtirish, fintex, kiberxavfsizlik, turizm, aqlli shahar, moliyaviy savodxonlik, shuningdek, moliyaning hammabopligi kabi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha Anglashuv memorandumi imzolangandi.

 

2023-yilda Raqamli texnologiyalar sohasidagi sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq Mastercard Advisors Oʻzbekiston Markaziy banki bilan birgalikda Oʻzbekistonda raqamli toʻlovlar oʻtishini yanada jadallashtirishga qaratilgan toʻlov ekotizimini rivojlantirish boʻyicha 8 komponentli loyihani muvaffaqiyatli yakunladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//