Oʻzbekistonda har yili 200 ming boʻsh ish oʻrni paydo boʻlmoqda – Prezident

Saqlash
22:58 / 15.05.2023 1383 0

Prezident raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlashda yangi bosqichga oʻtish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

 

Unda qayd etilishicha, har yili 100 mingta zamonaviy korxona ishga tushmoqda. Ularga 300-400 ming malakali mutaxassis kerak. Shuningdek, xususiy sektorda yiliga 200 mingta boʻsh ish oʻrni paydo boʻlmoqda.

 

Lekin kasb-hunar maktablari, kollej, texnikum va monomarkazlarda buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga salohiyati hali yetarli emas.

 

Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga koʻpaydi. Bu bitta tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi degani.

 

Prezident joylarda tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilinib, ular qoʻllab-quvvatlansa, tumanda, mahallada bandlik masalasini hal qilish uchun imkoniyatlar yanada koʻpayishini taʼkidladi.

 

Har yili kasb-hunarga oʻqitishga 200 milliard soʻm ajratilayotgani, ammo bu mablagʻlar tadbirkorlik subyektlarining mutaxassislarga ehtiyoji bilan bogʻlanmagani koʻrsatib oʻtildi.

 

Xuddi shunday, tadbirkor ham yiliga katta xarajat qilib, oʻzi uchun minglab mutaxassis tayyorlashga majbur. Lekin bunda davlat qoʻllab-quvvatlovi kerak.

 

Prezident aholi bandligini taʼminlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy ragʻbatlar taqdim etish zarurligini qayd etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//