Toshkent viloyatidagi arxeologiya yodgorliklariga salkam yarim milliard so‘mlik zarar yetkazildi

Saqlash
21:46 / 12.05.2023 2073 0

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani “Hosildor” mahallasida joylashgan “Shohruxiya shahriston” arxeologiya yodgorligining 16 gektar yer maydoni qonunchilik talablariga zid ravishda xususiy korxonaga uzoq muddatga ijaraga berib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, ushbu yodgorlik hududida o‘zboshimchalik bilan qazilma ishlari olib borilib, tarixiy obyektga 315 million so‘m zarar yetkazilgan.

 

Shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumanida qurilish hamda kadastr bo‘limi mansabdor shaxslari “Hamid Olimjon” mahallasida joylashgan “Qiyritepa” arxeologiya yodgorligining 0,4 gektar yer maydonida noqonuniy ravishda suv inshootining qurilishiga yo‘l qo‘yishi oqibatida tarixiy obyektiga 180 million so‘m zarar yetkazilgan.

 

Tekshirish natijasiga ko‘ra, tegishli mansabdor shaxslar va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//