“Iste’molchilarning suvdan qarzdorligi 1,36 trln so‘mga yetdi” – “O‘zsuvta’minot”

Saqlash
14:33 / 05.05.2023 1406 0

O‘zbekiston aholisining suvdan qarzdorligi tobora ortib bormoqda, hozirda miqdor 1,36 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda 4-may kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lum qildi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning 2014-yildagi 194-sonli qarorida iste’molchilarning ichimlik suvi ta’minoti va suv chiqarish xizmati uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq to‘lashni amalga oshirishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

 

Ta’kidlanishicha, “O‘zsuvta’minot” AJ va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan iste’molchilar orasida to‘lov intizomini yanada yaxshilashga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ammo, shunga qaramay, respublikada iste’molchilarning debitor qarzdorligi tobora oshmoqda. Bugungi kunda bu 1,36 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Shundan 1,13 trillion so‘m jismoniy, 224 milliard so‘m esa yuridik iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

 

“Tahlillarga ko‘ra, qarzdorlik miqdori eng yuqori bo‘lgan hududlar Toshkent shahri (256 milliard so‘m), Andijon (153 milliard so‘m) va Toshkent (147 milliard so‘m) viloyatlari bo‘lib turibdi”, — deydi Akmal Murodov.

 

Uning aytishicha, ichimlik va oqova suv tizimlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, ya’ni noqonuniy ulanish holatlari ham ortib bormoqda. Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida joylarda doimiy ravishda reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

 

“Xususan, 2022-yilda „O‘zsuvta’minot“ aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan ichimlik va oqova suv tizimlariga jami 2240 ta noqonuniy ulanish holati aniqlangan. Bular sababli 41,5 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent (572 ta), Xorazm (940 ta) va Samarqand (344 ta) viloyatlarida qayd etilgan”, — deydi u.

 

Qo‘shimcha qilinishicha, 2023-yilning yanvar-aprel oylarida ichimlik va oqova suv tarmoqlariga 407 ta o‘zboshimchalik bilan ulanish holati aniqlangan. Oqibatda 3,9 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

 

“Ushbu holatlarning oldini olish va kelgusida takrorlanishini cheklash hamda butunlay barham berish maqsadida „yo‘l xaritasi“ ishlab chiqildi. Reyd tadbirlari respublikaning barcha hududlarida faol tarzda boshlandi va davom etmoqda”, — deydi Akmal Murodov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//