JSST yana bir xavfli doridan ogohlantirdi. Oʻzbekistonliklarning xavotirlanishiga asos bormi?

Saqlash
17:02 / 03.05.2023 1823 0

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbekistonliklar yana bir xavfli doridan ogohlantirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Xoʻsh, bu qanday dori? Bu dori Oʻzbekistonga kirib kelganmi? Shu va boshqa savollar bilan oyina.uz jurnalisti Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi Axborot xizmatiga murojaat qildi.

 

Markazning qayd etishicha, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Hindistonning “QP PHARMACHEM LTD” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Gvayfenazin” siropining (GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP) sifatsiz seriyasi boʻyicha ogohlantirish eʼlon qilgan.

 

Maʼlum qilinishicha, “Gvayfenazin”siropining sifatsiz partiyasi Marshall orollari va Mikroneziya (Federativ Shtatlari) hududida aniqlangan. Avstraliyaning Tibbiy buyumlar nazorati boshqarmasi laboratoriyasida oʻtkazilgan tahlillar natijasiga koʻra, “GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP” preparti tarkibida mumkin boʻlmagan miqdorda dietilenglikol va etilenglikol yot aralashmalari borligi qayd etilgan.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, JSST suyuq dori shakllarini, xususan, siroplarni ishlab chiqaruvchilar propilenglikol, polietilenglikol, sorbit va/yoki glitserin kabi yordamchi moddalarni oʻz ichiga olgan tegishli preparatlarni ishlab chiqarishdan oldin ushbu yordamchi moddalarning tarkibida etilenglikol va dietilenglikol aralashmalari mavjudligini tekshirishni tavsiya etmoqda.

 

“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” ushbu sirop va uni ishlab chiqaruvchi “QP PHARMACHEM LTD” kompaniyasining boshqa dori preparatlari Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaganligini qayd etdi.

 

 

Maʼlumot uchun, “Gvayfenazin” preparati balgʻam koʻchiruvchi vosita boʻlib, uning nafas yoʻllaridan chiqarib yuborilishini yengillashtirish va yoʻtalni kamaytirish uchun qoʻllaniladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//